12:18 / 07.04.2020
19438
Xorijdan vatanga qaytish istagidagi fuqarolar ro‘yxati yangilanmoqda - TIV

Xorijdan vatanga qaytish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxati tuzilib, u muntazam yangilanmoqda. Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Avazbek Hojimetovning ma'lum qilishicha, yangi charter reyslarni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasi, vakolatli vazirlik va idoralarga kiritilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

7 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tashqi ishlar vazirligi vakili yangi charter reyslarni tashkil etish masalasi ko‘rilayotganini ma'lum qildi.

«»Koronavirusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 30 martidan 20 apreliga qadar mamlakatimizdagi barcha aeroportlar vaqtincha yopilib, barcha aviareyslar to‘xtatilgan.

Xorijdan vatanga qaytish istagini bildirgan yurtdoshlarimiz ro‘yxati tuzilib, u muntazam yangilanmoqda. Charter reyslarni tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasi, vakolatli vazirlik va idoralarga kiritilgan», deya Avazbek Hojimetovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Brifingda koronavirusga qarshi kurash uchun xorijiy mutaxassislarni olib kelish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Hozirgacha mamlakatimizda xorijlik mutaxassis sifatida Janubiy Koreyadan taklif etilgan shifokor faoliyat ko‘rsatmoqda. U 29 mart kuni, ya'ni aviareyslarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror chiqishidan avval O‘zbekistonga kirib kelgan.

Xitoy va Janubiy Koreyadan boshqa mutaxassislarni taklif qilish bo‘yicha muzokaralar davom ettirilmoqda. Mutaxassislarning qachon va qanday usulda davlatimizga olib kelinishi bo‘yicha Respublika maxsus komissisiyaning qarori qabul qilinishi kutilyapti», deydi vazirlik matbuot kotibi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top