09:00 / 08.04.2020
16412
AQSh flotining yetakchi kemasida koronavirusga chalinganlar soni 230 nafarga yetdi 

AQSh flotining bayroqdor kemasi “Teodor Ruzvelt”da koronavirusga chalingan harbiylar soni 230 nafarga yetdi. 4 aprel holatiga ko‘ra, aviatashuvchi kemada kasallanganlar soni 155 nafarni tashkil qilayotgandi.  

Foto: Kham/File Photo / Reuters

Bu haqda AQSh harbiy-dengiz kuchlari saytida ma'lum qilindi.

“Teodor Ruzvelt” jamoasining 79 foizi koronavirusga tekshirildi. 2037 matrosda testlar manfiy natija bergan”, deb aytilgan xabarda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, kema jamoasining 3 mingdan ko‘proq a'zosi sohilga o‘tkazilgan. Hammasi bo‘lib jamoaning 5 ming a'zosidan 3,7 mingga yaqinini bortdan tushirish rejalashtirilgan. Qolganlar esa kemadagi tizimlar faoliyatini ta'minlaydi. Kema ayni vaqtda “Guam” harbiy bazasida qolmoqda. 

Avvalroq kema sardori Bretta Kroze kema a'zolarida koronavirus jadal tarqalayotgani sababli mudofaa vazirligidan yordam so‘ragan. Uning rahbariyatga yo‘llagan maktubi OAVda paydo bo‘lgach u o‘z lavozimidan olingan. 

Krozening xatti-harakatlarini qoralagan harbiy-dengiz kuchlari vaziri vazifasini bajaruvchi Tomas Modli 7 aprel kuni iste'foga chiqishga ariza berdi.

AQSh mudofaa vaziri Mark Esper Krozening nomiga qo‘pol so‘zlar aytgan Modlining iste'fosini qabul qilgan.

“Men bugun ertalab vazir Modlining iste'fosini qabul qildim. Prezident ma'qullovi bilan quruqlikdagi qo‘shinlar vaziri o‘rinbosari Jim Makfersonni harbiy-dengiz kuchlari vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinladim”, deb yozgan Esper tvitterda.

Mudofaa vazirining ta'kidlashicha, Makferson harbiy-dengiz kuchlarida umumiy hisobda 26 yil xizmat qilgan va admiral unvonida iste'foga chiqqan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top