13:18 / 08.04.2020
64468

«Bizning oramizda ham koronavirusga chalinganlar bo‘lishi mumkin» - Nurmat Otabekov

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni paytda koronavirus aniqlanayotgan bemorlar asosan karantinga olinganlar orasidan chiqayotgani va bu yaxshi holat ekanini ma'lum qildi.

«Bizda birinchi bemor 15 mart kuni aniqlangan bo‘lsa, hozirgacha kasallangan shaxslarning ham kimlar bilan muloqot qilganini, qayerlarga borganini aniqlayapmiz.

Bitta infeksiya yuqtirgan odamning o‘zi 3-4 odam orqali ham kasallik tarqatishi mumkin. Bu xuddi zanjirga o‘xshaydi. Shuning uchun biz hozir ham oramizda koronavirusdan kasallanganlar bo‘lishi mumkinligini rad etmaymiz.

Va shu sababli biz har doim fuqarolardan kasallikning biror simptomi kuzatilayotganda yoki epidemik noxush hududdan kelgan fuqaro yoki kasallik aniqlangan biror kishi bilan muloqot qilinganda, bu haqda tibbiyot xodimlariga xabar berishni so‘ramoqdamiz», deydi Otabekov AOKAda o‘tkazilgan brifing chog‘ida.

U hozirda eng asosiy vazifa virus aholi orasida keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni erta aniqlashdan iborat bo‘lib turgani, shuning uchun ham kasallik yuqtirish ehtimoli bor barcha odamlar karantinga olinayotganini qayd etib o‘tgan.

«Kasallik karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda. Bu omadli holat va tashkil qilingan tizim yaxshi ishlayotganidan darak beradi», deya qo‘shimcha qildi Nurmat Otabekov.

Bosh sanitariya inspektori ob-havo sovib ketishining koronavirus tarqalishiga ta'siri haqidagi savolga ham javob berdi.

«Haqiqatan ham havo sovuq bo‘lsa, ayniqsa -2 darajadan +10 darajagacha havo haroratida koronavirus qo‘zg‘atuvchisi ancha muddat yashay oladi. Uning tashqi muhitda bo‘lish vaqti uzayadi. Lekin agar biz uyimizda qolsak, ko‘chaga chiqmasak, muloqotlarga yo‘l qo‘ymasak, muloqot bo‘lganida ham masofani saqlaydigan bo‘lsak, respublikamizdagi epidemologik vaziyatga hozirgi kundagi ob-havo ta'sir qilmasligi mumkin», deydi u.

  • Ayni vaqtda O‘zbekistonda 88 695 kishi karantin sharoitida saqlanayotgani xabar qilingandi, ulardan 67 mingdan ortig‘i uy sharoitida karantin kuzatuvida, 21 mingdan ortiq kishi mamlakatning turli nuqtalaridagi maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalarida statsionar sharoitda bo‘lib turibdi.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top