08:04 / 08.04.2020
20688
BMTda Trampning JSSTni tanqid qilishiga javob berildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ulkan ishni qildi. Bu haqda BMT bosh kotibi rasmiy vakili Stefan Dyujarrik AQSh prezidenti Donald Trampning JSST nomiga bildirgan tanqidiga shunday izoh berdi.

Stefan Dyujarrik / Foto: emal Countess/Getty Images

Avvalroq Tramp asosan AQSh hisobiga moliyalashtiriluvchi JSSTni Xitoyga ko‘p e'tibor qaratishda ayblagandi.

“Ko‘plab yillar davomida biz yiliga taxminan 58 mln dollar sarflab, JSSTni moliyalashtirib kelganmiz. Buni taftish qilish vaqti keldi. Chunki  fikrimcha, ular amalga oshirgan har bir qadam, ular aytgan barchasi noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ularning barcha ishlari Xitoyga qo‘l kelgan”, deb aytgan Tramp.

AQSh prezidentining ta'kidlashicha, agar u JSSTning Xitoy bilan chegaralarni yopmaslik tavsiyasiga quloq solganda, “hozirda falokat yuz bergan bo‘lardi”. “Men to‘g‘ri deb hisoblagan ishni qildim va bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Boshqa masalalar ham bor edi – virus qayerdan kelgan, uning ko‘lami qanday, u qanchalik xavfli. Ular virusni uncha xavfli emas, deb hisoblashgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

Bu ayblovlarga javoban Dyujarrik JSST davlatlarga millionlab tibbiy vositalar yetkazayotgani, mutaxassislarni o‘qitayotgani va amaliy yo‘riqnomalar ishlab chiqayotganini aytgan.

“Bosh kotib uchun mutlaq ayonki, JSST doktor Tedros Adxanom Gebreyyesus boshchiligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda davlatlarga millionlab vositalar yetkazib, mutaxassislarni o‘qitib va yo‘riqnomalar bilan ta'minlab ulkan ishni amalga oshirdi”, deb aytgan Dyujarrik.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top