12:42 / 08.04.2020
104176

Buxoroda koronavirus aniqlangan bemorlar soni nega oshib ketganiga izoh berildi

Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Buxoro viloyatida 7 aprel kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlar soni 19 nafardan 84 nafarga oshib ketgani haqidagi xabar bo‘yicha izoh berdi.

«Buxoro viloyatiga uchta davlatdan hamyurtlarimiz charter reyslar orqali olib kelingan. Dastlab, Koreya davlatidan 239 nafar fuqaro olib kelingan.

Mana shu 239 kishi Turkiyadagi Istanbul aeroportida 8 soat davomida hech qanaqa himoya vositasiz qolib ketgan. Fuqarolar o‘z himoyasiga yetarlicha e'tibor berishmagan. O‘zbekistonga kelganlaridan so‘ng tekshiruvlar natijasida ularning 66 nafarida kasallik aniqlangan.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatiga Rossiya Federatsiyasidan ham 2ta reysda 530 nafar fuqaro olib kelingan. Ular orasida ham koronavirusga chalinganlar bor. Ular 2 kundan 5 kungacha hech qanaqa himoya vositalarisiz bitta joyda yashashgan. Ular epidemiologik noxush hududda bo‘lganlari holda o‘zlarini himoya qilishmagan», deya ma'lumot berdi Nurmat Otabekov.

Ayni paytda ham virusdan zararlanganlarni aniqlash ishlari olib borilmoqda.

«Unutmaslik lozimki, karantin belgilangan 14 kunning birinchi yoki o‘n to‘rtinchi kuni ham kasallik aniqlanishi mumkin. Shuning uchun karantin qoidalariga qat'iy amal qilish muhim», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 6 aprel kuni bu viloyatda bemorlar soni 19 nafar edi, 7 aprelga kelib bemorlar soni keskin o‘sishi kuzatilgan va ularning soni 84 nafarga yetgani xabar qilingan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top