15:46 / 08.04.2020
21290

Karantin davrida olib qo‘yilgan velosiped va skuterlar uchun to‘lov undirilmaydi – IIV

O‘zbekistonda karantin davrida belgilangan cheklovlarni buzgan fuqarolardan olib qo‘yilib, jarima maydonida saqlanayotgan transport vositalarining har bir kuni uchun to‘lov undiriladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha choralar doirasida olib qo‘yilgan velosiped va skuterlar uchun to‘lov undirilmaydi.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda fuqarolardan olib qo‘yilayotgan velosipedlar va skuterlarning saqlanish tartibi bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Karantin cheklovlari kiritilgan vaqtdan boshlab, har kuni ommaviy axborot vositalari, brifinglarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chaga maqsadsiz chiqmang, faqat hayotiy zarurat bo‘lganda tashqariga chiqing deb qayta-qayta takrorlandi. Lekin ko‘pchilik buni tushunmadi.

Shundan keyin hukumat avtotransportda harakatlanishga cheklov qo‘yishga majbur bo‘ldi. Qayta-qayta aytildi, faqat zarur bo‘lganda ko‘chaga chiqing deyildi.

Shunda nima bo‘ldi, fuqarolar tushunmasdan, ishonchni suiiste'mol qilib, velosipedlarda bemaqsad ko‘chalarda yurishni boshladilar. Hattoki, avtotransport yo‘qligidan foydalanib katta ko‘chalarda poyga o‘ynadilar. Velosiped «prokat»chilari jonlandi. Odamlar velosipedda sayr qilib yurdilar. Shunda hukumat buni ham cheklashga majbur bo‘ldi», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning ta'kidlashicha, hukumat komissiyasining qarori ichki ishlar organlari, milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralariga karantin qoidalarini buzib, bemaqsad ko‘chada yurgan fuqarolarga qat'iy chora ko‘rish huquqini bergan.

Unga ko‘ra:

– qoidabuzarlarning avtotransport vositalari karantin tugaguncha jarima maydonlarida saqlanadi (jarima maydonida saqlanayotgan transport vositalarining kunlik to‘lovi to‘liq tartibda undirib olinadi);

– ko‘chaga bemaqsad chiqqan fuqarolarga tegishli velosiped va skuterlar olib qo‘yiladi (velosiped va skuterlar ichki ishlar organlarida karantin tugaguncha saqlanadi, bunda kunlik to‘lov undirilmaydi, karantin tugagandan keyin fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelib ularni olib ketishi mumkin);

– ichki ishlar organlari xodimlari ko‘chaga bemaqsad chiqqan piyoda fuqarolar to‘xtatib, ularni ogohlantirishi, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini talab qilishi, hujjati bo‘lmasa, shaxsini aniqlashga zarurat tug‘ilsa ichki ishlar organlariga olib borishi mumkin. Bunday vaziyatda xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga qat'iy huquqiy choralar ko‘riladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top