18:05 / 08.04.2020
21167
O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha dunyoda 133-o‘ringa ko‘tarildi

Ookla kompaniyasining Speedtest.net servisi 2020 yil mart oyi natijalarini e'lon qildi.

Foto: akket.com

Mobil internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston so‘nggi o‘ntalikda qolmoqda: 141ta mamlakat ichida 133-o‘rin.

Fevral oyi bilan taqqoslaganda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini bir pog‘onaga yaxshilagan.

Simli aloqa bo‘yicha internet tezligi reytingida esa O‘zbekiston 7 pog‘ona yuqorilab, 176 davlat orasida 95-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, mamlakat bir yil ichida 36 pozitsiyaga ko‘tarilgan.

«Bu – mazkur davr bo‘yicha eng yuqori o‘sish bo‘ldi. Oxirgi yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda aniqlangan internet tezligi 2,3 barovar o‘sdi: 11,62 Mbit/c dan (2019 yil mart holatiga) 26,92 Mbit/c gacha (2020 yil mart holatiga)», – deyiladi vazirlik xabarida.

Ma'lumot uchun, Speedtest.net portali butun dunyodagi foydalanuvchilar tomonidan internet tezligini o‘lchashda foydalaniladi. Portal foydalanuvchilar bergan ma'lumotlar asosida tahlil olib boradi va ma'lumotlarni doimiy ravishda reyting tarzida tayyorlab, e'lon qiladi.

Portalda har yili foydalanuvchilar tomonidan 10 milliondan ortiq testlar o‘tkaziladi.

Top