11:49 / 08.04.2020
234775
O‘zbekistonda yana bir kishi koronavirusga chalinish oqibatida vafot etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemorlardan biri - 30 mart kuni shifoxonaga yotqizilgan 40 yoshli bemor o‘pka va yurak yetishmovchiligidan vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi. Bu O‘zbekistonda koronavirus bemorlaridan uchinchisi vafot etishi bo‘ldi.

«Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro Sh. shu yilning 30 mart kuni tez tibbiy yordam orqali og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga barcha zarur muolajalar ko‘rsatilgan. Shu yilning 31 mart kuni bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasi unda koronavirus infeksiyasi borligini tasdiqlagan.

40 yoshli bemor ushbu klinikaning reanimatsiya bo‘limida sun'iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A.Xadjibayev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I.Liverko, yetakchi reanimatologlar D.Sobirov va X.Sattarov ishtirokida videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.

Biroq qator soha mutaxassislarining o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan kecha oqshom bemorning ahvoli keskin yomonlashgan. Yetakchi reanimatolog va bosh torakal xirurg Sh.Xudoybergenov boshchiligidagi mutaxassislardan kerakli tavsiyalar ham olingan. Berilgan tavsiyalar to‘liq bajarilishiga qaramasdan bemor Sh.da yurak va o‘pka yetishmovchiligi sabab yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

  • 8 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan holatlar soni 534tani tashkil qilmoqda. Shu vaqtgacha bemorlarning 30 nafari sog‘aygan, 2 kishi vafot etgan - 72 yoshli namanganlik ayol (27 mart) va Toshkentda yashagan 39 yoshli erkak (28 mart).
  • Bundan avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekistonda koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 31 nafarida pnevmoniya kuzatilayotgani, shundan 9 kishining ahvoli nisbatan og‘irligi, 2 nafarining ahvoli esa o‘ta og‘ir baholanayotgani, o‘ta og‘ir ahvoldagi ikki bemor sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangani haqida ma'lumot bergandi.

 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top