19:42 / 08.04.2020
12754
Toshkent viloyatida niqob ishlab chiqarayotgan maxfiy sex aniqlandi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida noqonuniy ravishda niqob tikish ishlari yo‘lga qo‘yilgan sex aniqlandi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

4 aprel kuni Chirchiq shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida «Aziya» to‘yxonasi hududida tibbiy niqob ishlab chiqarilayotgan noqonuniy sex aniqlangan. Uni 1989 yilda tug‘ilgan, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ro‘yxatda turuvchi fuqaro M.E hech qanday hujjatlarsiz tashkil qilgan.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Tsex faoliyatini 2 aprelda boshlagan. Unga 183 nafar ishchi yollangan. Ular bilan har bir niqob uchun 60 so‘mdan ish xaqi berish haqida og‘zaki kelishilgan. 

DSQ xabariga ko‘ra, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlarning sifati va belgilangan sanitariya talablariga nechog‘lik javob berishi hech kimni qiziqtirmagan.

Chirchiq shahar Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan bino ko‘zdan kechirilganda 131 973 dona tibbiy niqob, 170 000 dona yarimtayyor mahsulot va 21 dona kleylash uskunasi, jami 301 994 dona, umumiy narxi 156 million 696 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklar borligi aniqlangan.

Nazorat tadbiri natijasida tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik ashyolari masala qonuniy hal bo‘lgunga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi, deyiladi xabarda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top