08:17 / 09.04.2020
34466
AQSh razvedkasi Oq uyni Uhanda tarqalayotgan virus haqida noyabrdayoq ogohlantirgan - OAV

AQSh razvedkasi AQSh prezidenti ma'muriyatini koronavirusning odamlar hayotiga va biznesga ta'sir qilishi mumkinligidan 2019 yil noyabrdayoq ogohlantirgan.

Foto: REUTERS

ABC telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh razvedka xizmatlari Xitoyning Uhan shahrida odamlar turmush tarziga va biznesga ta'sir qilayotgan virus tarqalayotgani va u aholiga xavf solishidan noyabrdayoq ogohlantirgan.

Telekompaniyaning bu boradagi maxfiy hujjatlar bilan tanish 4 ta manbaga tayanib xabar berishicha, hozirda koronavirus pandemiyasi sifatida ma'lum bo‘lgan hodisa borasidagi xavotir AQSh mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi huzuridagi Tibbiy razvedka milliy markazining (National Center for Medical Intelligence, NCMI) noyabrdagi hisobotida batafsil ta'riflangan.     

Ta'kidlanishicha, NCMI hisobotni tayyorlashda ushlab olingan xabarlar va sun'iy yo‘ldoshlardan olingan suratlardan foydalangan.

Razvedka virus tarqalishida AQShning Osiyodagi vakillariga xavf borligini ko‘rib, bu haqida bong ura boshlagan. “Tahlilchilar bu falokatli hodisa bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan”, deb aytgan telekanal suhbatdoshlaridan biri. 

Jurnalistlarning ma'lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida federal hukumatning yuqori lavozimli vakillari va Oq uy milliy xavfsizlik kengashi a'zolari ishtirokida yangi virus bo‘yicha brifinglar muntazam o‘tkazib kelingan.

Muammoning batafsil ta'rifi yanvar boshida prezidentga taqdim qilinadigan, razvedka masalalari bo‘yicha har kungi hisobotda paydo bo‘lgan.  Telekanal manbalarining ta'kidlashicha, bu hisobotda haftalar davomida tekshiriluvchi ma'lumotgina beriladi.

Avvalroq The Washington Post nashri AQSh ma'muriyati virus haqida birinchi ogohlantirishni 3 yanvarda olganini ma'lum qilgan. 

AQSh mudofaa vaziri Mark Esper 5 aprelda AVS kanalidagi “Shu haftada” dasturidagi ishtiroki vaqtida noyabrdagi ogohlantirishlar haqidagi savolga “Esimda yo‘q. Biroq bizda buning ortidan sinchkov kuzatuvchi odamlar bor!” deb javob bergan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top