21:45 / 09.04.2020
15618

Avstriya va Daniya karantin cheklovlarini yumshatmoqchi. Ekspertlar ehtiyotkorlikni tavsiya qilmoqda

Avstriya va Daniya koronavirusga qarshi qo‘llangan cheklovlarni yumshatish harakatida. Ekspertlar esa karantin choralarining erta yengillashtirilishi virusni avvalgiga qaraganda yomonroq avj olishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Venadagi tarix muzeyi / Foto: Christian Bruna / EPA-EFE / Shutterstock

Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Ayrim mamlakatlar virusdan zararlanish xavfiga qaramay, virusga qarshi kurashish choralarini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqa boshladi, deb yozadi Business Insider.

Avvalroq virus o‘chog‘i bo‘lgan Italiya kasallanish holatlarining kamaygani haqida ma'lumot berdi. Bu zararlanish avj nuqtasidan o‘tib bo‘lganini anglatishi mumkin. Raqamlar Italiyani «bloklash» bo‘yicha 9 martda belgilangan qat'iy choralar virus tarqalishini sekinlashtirish uchun samarali bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Boshqa mamlakatlar, jumladan, Xitoy, Ispaniya va Janubiy Koreya ham ham kasallanish holatlari pasaygani haqida xabar berdi. Bu esa ijtimoiy masofalanish yo‘li bilan kasallanishni kamaytirish mumkinligini ko‘rsatadi.

Kasallikning sobiq episentri bo‘lgan Xitoyda so‘nggi bir necha hafta davomida do‘kon, bar va kinoteatrlar asta-sekin ochilmoqda. Koronavirus tarqalishining avj olishi mamlakatda fevral oyining o‘rtalariga to‘g‘ri keldi. 780 millionga yaqin odam cheklovlar va karantinda bo‘ldi. Sog‘liqni va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha ayrim choralarining saqlab qolinishiga qaramay, cheklovlarning yumshatilishi ayrim joylarga sayyohlar oqimini ko‘paytirdi. Koronavirus bilan zararlanishning yangi holatlari aniqlangach esa bu choralar tezda o‘zgartirildi.

2020 yil 5 aprel, Xitoy sharqidagi Chjetszyan provinsiyasi. Niqob taqqan turistlar Xanchjoudagi G‘arbiy ko‘l parkiga ketishmoqda
Foto: Flavio Lo Scalzo/Reuters

Daniyada ham koronavirus bilan zararlanish holatlari so‘nggi haftada kamaydi. Bosh vazir Mett Frederiksen Pasxa bayramidan keyin mamlakatni karantin choralaridan asta-sekin xalos qilishni taklif etdi.

«O‘tgan hafta davomida bemorlarni kasalxonaga yotqizish holatlari undan avvalgi hafta bilan taqqoslaganda, boshqa mamlakatlardagi ko‘rsatkichlarga qaraganda kamroq, – dedi Frederiksen. – Agar kelasi ikki hafta davomida ko‘rsatkichlar barqarorligi saqlansa, hukumat jamiyatni asta-sekin, o‘z nazorati ostida ocha boshlaydi. Cheklovlarning olib tashlanishi odamlarning ishga va maktabga qaytishiga tegishli bo‘ladi, jamoat tadbirlariga bo‘lgan cheklovlar saqlanadi», – dedi u.

Avstriya ham jamoat transportida yuz niqoblaridan foydalanish kabi choralarni qo‘llagan holda Pasxa bayramidan keyin do‘konlarni asta-sekin ochmoqchi. 6 aprel kuni Avstriya kansleri Sebastyan Kurs mamlakatda biznesni jonlantirishning «ehtiyotkor chorasi»ni taqdim etdi.

«Avstriya boshqa mamlakatlarga qaraganda tezroq va ancha bosiqlik bilan reaksiya qildi, – dedi u. – Shu tariqa biz yomon holatlarning oldini olishga muvaffaq bo‘ldik. Bu holat bizga choralarga amal qilgan holda inqirozdan tezroq chiqishga yordam beradi».

Reja bo‘yicha 14 apreldan boshlab kichik do‘konlar, bog‘dorchilik va hunarmandchilik markazlari ochiladi. Kurs qolgan barcha do‘konlar va markazlar 1 maydan boshlab himoya choralari ostida ochilishiga umid bildirishini aytdi.

Italiya ham koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq cheklovlarni olib tashlashi mumkin. 6 aprel kuni Italiyaning Corriere della Sera gazetasi mamlakatdagi ayrim korxonalarga aprel oyining o‘rtalarida o‘z faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berilishi va sayohat qilish bilan bog‘liq ayrim cheklovlar may oyida olib tashlanishi mumkinligini ma'lum qildi.

Kasallik tarqalishining to‘xtashiga bo‘lgan ishonch hissiga qaramay, ekspertlar cheklovlarning erta olib tashlanishi kasallikni yenggan mamlakatlarda «infeksiyaning ikkinchi to‘lqini»ga sabab bo‘lishidan ogohlantirishmoqda.

«Sog‘liq va iqtisodiyot o‘rtasida katta va murakkab kelishuv turibdi, – deydi Yangi Zelandiyadagi Otago universiteti jamoat sog‘lig‘ini saqlash kafedrasi professori. – Ehtimol, ayrim ishbilarmon kishilar qurbonlar soni katta bo‘lsa ham iqtisodiyotni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlagan yaxshiroq deb o‘ylashayotgandir».

Avstraliyadagi Yangi Janubiy Uels universitetining infeksion kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi Min Kuong Duongning fikricha, Avstriya va Daniya rahbarlari o‘z jamiyatlarini «normal hayotga» iloji boricha tezroq qaytarishga shoshilmoqda.

«O‘ylaymanki, hukumatlar hamjamiyatning normal hayotga qaytish borasidagi xavotiriga barham berib, karantinning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini yumshatishni istashyapti», – deydi Duong. U sohalarni ochish qarori «ijobiy belgilarga» asoslangan «ehtiyotkorona, asta-sekinlik bilan amalga oshirilgan qayta tug‘ilish» bo‘lishini ta'kidladi.

«Karantin COVID-19 tarqalishini sekinlashtirishda yordam beradi va shu tariqa yuqishni to‘xtatish, yangi holatlar va o‘lim ko‘rsatkichini pasaytirish uchun skrining, kontaktlarni kuzatish, shubhali holatlarni izolyatsiya qilish va yuqtirish holatlari hisobini yuritishga tayyorlanish uchun ko‘proq vaqt beradi. Bularning hammasi o‘z joyida bo‘lganidan keyingina karantin choralarini bekor qilish ishonchli bo‘ladi», – dedi Duong.

U infeksiyani yuqtirish kabi har qanday salbiy holat mamlakatni zudlik bilan yopishga olib kelishini ham ta'kidladi.

Shunga qaramay, ekspertlar iqtisodiy manfaatlar istiqbollariga qaramay, karantin choralarining yuqori darajadagi ehtiyotkorlik choralarisiz bekor qilinishi ilgarigidan ham yomonroq holatlarga olib kelishi mumkin, degan fikrni bildirishmoqda.

«Agar karantin choralari yumshatilsa, mamlakatlar Italiya, Ispaniya va Nyu-Yorkda bo‘lgani kabi kasalxona va intensiv davolash muassasalarining bemorlar bilan to‘lishi holatiga tushishi mumkin. Karantin esa shu kabi shart-sharoitlarni yaratib olishga imkon beradi», – deydi Yangi Zelandiyada faoliyat yuritayotgan professor Uilson.

Yangi Janubiy Uels universitetidagi jamoat sog‘lig‘ini saqlash va tibbiyot maktabi o‘qituvchisi doktor Devid Muskatello bu bosqichda koronavirusning oldini olish bo‘yicha cheklovlarning kuchsizlantirilishi yordam bera olishi haqida fikr bildirish qiyinligini aytdi.

«Agar cheklovlar virus yuqishini nazorat qilishda biz o‘ylaganchalik samarali bo‘lsa, u holda cheklovlarning olib tashlangach, ko‘pchilikning koronavirusni yuqtirib olish xavfi bor. Epidemiya avj olishi mumkin. Bu esa ayniqsa odamlar salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiyroq oqibatlar olib keladi», deydi Muskatello.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top