21:50 / 09.04.2020
3987
Botsvana prezidenti, hukumat a'zolari va parlamentning barcha deputatlari uy karantiniga jo‘natildi

8 aprel kuni Botsvana bir palatali parlamentining to‘liq tarkibi davlat rahbarining mamlakatda joriy etilgan favqulodda holatni olti oyga uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosini ko‘rib chiqish uchun to‘plangandi. Yig‘ilishga prezident va hukumatning yetakchi a'zolari ham kelgandi.

Mokgvitsi Masisi / Foto: Bangkok post

Botsvana prezidenti Mokgvitsi Masisi, hukumat a'zolari va mamlakat parlamentining barcha deputatlari koronavirus pandemiyasi sababli uy karantiniga jo‘natildi. Bu haqda Botsvana hukumati rasmiy portalida ma'lum qilindi.

"Izolyatsiya 14 kun davom etadi, shundan so‘ng yangi koronavirusga testlar salbiy chiqsa, barcha davlat shaxslarining karantindan chiqishiga ruxsat beriladi", - dedi mamlakat sog‘liqni saqlash xizmati direktori Malaki Chipayagaye.

8 aprel kuni Botsvana bir palatali parlamentining to‘liq tarkibi davlat rahbarining mamlakatda joriy etilgan favqulodda holatni olti oyga uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosini ko‘rib chiqish uchun to‘plangandi. Botsvanada 2 aprelda favqulodda holat joriy etilgan bo‘lib, konstitutsiyaga ko‘ra u 21 kundan ortiq davom etmaydi. Uni uzaytirish uchun parlament qarori talab qilinadi. 

Yig‘ilishga prezident va hukumatning yetakchi a'zolari ham kelgandi. Yig‘ilish boshlanishidan avval barchadan koronavirusga test olindi. Bir necha soatdan so‘ng test olgan tibbiyot xodimlari orasida koronavirusga chalingan shifokor ham bo‘lganligi aniqlandi. Natijada parlament yig‘ilishida ishtirok etgan barcha karantinga olindi.

Ayni paytga kelib Botsvanada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq oltita holat qayd etilgan, bir kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top