19:36 / 09.04.2020
6699
Italiya bosh vaziri YeI taqdiri pandemiya tufayli xavf ostida qolganini aytdi

Juzeppe Kontening ta'kidlashicha, Yevropa "Ikkinchi jahon urushi davridan keyingi eng yirik sinovni boshidan kechirmoqda".

Foto: AP

Agarda YeI mamlakatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi iqtisodiy javobni kelishib olmaydigan bo‘lsa, Yevropa integratsion loyihasi xavf ostida qoladi, dedi Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte.

"Agarda Yevropa loyihasiga yangi hayot bag‘ishlash imkoniyatidan foydalanmaydigan bo‘lsak, inqiroz xavfi aniq bo‘ladi", - dedi u. 

Uning ta'kidlashicha, Yevropa "Ikkinchi jahon urushi davridan keyingi eng yirik sinovni boshidan kechirmoqda".

Bundan tashqari, Konte hukumat ekspertlaridan qaysi korxonalar aholiga zarar yetkazish xavfisiz o‘z faoliyatini boshlashi mumkinligi borasida maslahat kutayotganligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, olimlar ma'qullaganidan so‘ng hukumat aprel oxiriga kelib ijtimoiy izolyatsiya choralarini yumshatishni boshlaydi.

Italiya 12 martda, Yevropada birinchi bo‘lib koronavirus sababli keskin izolyatsiya choralarini joriy etgandi. Endilikda o‘ta keskin choralar 26 aprelda, so‘ngra esa 3 mayda bekor qilinishi aytilmoqda.

Italiya 110 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalingan bo‘lib, 13 mingdan ortiq kishi vafot etgan. Bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top