17:26 / 09.04.2020
60748
O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning yana 8 nafari tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bemorlarning yana 8 nafari butunlay sog‘aygani to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov va boshqa mas'ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishgan.

«Shunday qilib, ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemordan 38 nafari butkul sog‘ayganini mamnuniyat bilan aytishimiz mumkin. Tuzalganlar soni kun sayin ko‘payib borayotganida esa, avvalambor, shu sohada faoliyat olib borayotgan fidokor tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam.

Shifokorlar bemorlarni davolashda dunyo tajribasi, xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator mamlakatlarning eng nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanishmoqda. Bundan tashqari, prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, har bir bemorga ikki nafardan shu sohada ko‘zga ko‘ringan tajribali mutaxassislar jalb qilinib, standartlar bo‘yicha davolash choralari ko‘rilmoqda. 

Shuningdek, shifokorlar bemorlarni davolash jarayonida mamlakatimizning yetuk pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog, reanimatolog kabi qator mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatib, ulardan kerakli tavsiyalarni olayotgani ham qo‘l kelmoqda. Tor mutaxassislar bilan hamkorlik bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va davolash imkonini beryapti. 

Yana bir guruh sog‘aygan bemorlarni kuzatish marosimida Sog‘liqni saqlash vaziri A. Shadmanov fidokor tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirdi

Eslatib o‘tamiz, hozirda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

9 aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlar soni 582 nafarga yetdi, shu vaqtgacha bemorlarning uch nafari vafot etgan, jami 38 bemor sog‘aygan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top