19:58 / 09.04.2020
12544
Peskov virus blokatoridan foydalanmoqda – bu befoyda, hatto xavfli bo‘lishi mumkin

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov virusga qarshi blokator ishlata boshladi.

Foto: Twitter /lifenews_ru

TASS jurnalistining: «Kreml xodimlarga shundan foydalanishni tavsiya qildimi?», degan savoliga Peskov: «Buni o‘zim dorixonadan sotib oldim», — deb javob berdi.

Peskov prezidentning hududlar rahbarlari bilan videokonferensiya rejimida o‘tkazgan kengashida kostyumiga taqilgan beyjik ko‘rinishidagi blokator bilan qatnashdi.

Virus blokatorini ishlatish yo‘riqnomasida undan dioksid xlor ajralishi va havoni zararsizlantirishi, shuningdek, «patogen mikroorganizmlar, zamburug‘lar, bakteriyalar va viruslarni samarali o‘ldirishi», haqida yozilgan. Bunday blokatorlar yetarli darajada o‘rganilmagan. Ularning qanchalik samara berishi ma'lum emas.

Dioksid xlor dezinfeksiya maqsadida qo‘llanadi, ammo undan havoni zararsizlantirish uchun foydalanilmaydi. Bundan tashqari, dioksid xlor havoda juda tez parchalanib ketadi.

Qayd qilish joizki, AQSh tibbiyoti milliy kutubxonasi sayti dioksid xlorni nafas olish uchun zaharli deb ta'riflagan. Angliya sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa dioksid xlorning nafas yo‘llariga kirishi natijasida ko‘z va burunning achishi, tomoqda og‘riq, ko‘krak qafasida og‘irlik paydo bo‘lishi, harorat oshishi, hushtaksimon nafas olish yuzaga kelishi, yurak urishining tezlashishi, xayolning parishonligi kelib chiqishi mumkin deb ta'rif bergan.

Top