11:00 / 10.04.2020
46621
Epidemiya sharoitida davlat va fuqaro munosabati qanday bo‘lishi kerak?

2019 yilning so‘nggi oylarida Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan koronavirus epidemiyasi fevral va mart oylarida dunyoning deyarli barcha nuqtalariga tarqalib ulgurdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 1,6 milliondan ortiq kishi virus yuqtirgani ma'lum qilindi. 357 mingga yaqin kishi kasallikdan shifo topgan bo‘lsa-da, qariyb 96 ming odam bevaqt hayotdan ko‘z yumdi. Virusning yuqumlilik darajasi yuqoriligi sabab epidemiya global bo‘hronga aylandi. Albatta, bunday tahlikali sharoitda davlat va fuqaro munosabatlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega.

Davlat va fuqaro munosabatlari

Epidemiya nafaqat odamlarning sog‘ligi va yashash tarziga, balki davlat boshqaruv tizimlariga ham jiddiy ta'sir o‘tkazmoqda. Ma'lumki, davlat va fuqaro munosabatlaridagi barqarorlik har ikki tomon uchun ham muhim siyosiy va iqtisodiy masalalardan biri hisoblanadi. Fuqarolar o‘z iqtisodiy faoliyati natijasi o‘laroq davlatga soliq to‘laydilar. Zotan, ijtimoiy faoliyat izdan chiqmasligi uchun ham shunday bo‘lishi kerak, aslida. Davlat esa ushbu jarayonning to‘g‘ri yo‘lda davom etishi uchun makro jarayonlar (ishlab chiqarish, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash)ni yaxshi muvofiqlashtirishi lozim.

Hozirgi epidemiya sharoitida resurslarni aholiga qay tarzda taqsimlash muammosi mamlakatlar oldida turgan eng asosiy masalalardan biriga aylandi. Shu bois ham mart oyining boshida davlatlar katta miqyosdagi qutqaruv paketlarini e'lon qilishdi. Shu asno ular global epidemiya natijasida kelib chiquvchi tizimli va keng miqyosli vayronagarchilikka javob qaytarishdi. Ayni paytda bu javob davlatlarning inqirozga tayyor emasligining ifodasi hamdir.

«Daromad taqsimlovchi davlat» modeli

Inqiroz davlat va jamiyat o‘rtasidagi shartnomalarni qaytadan ko‘rib chiqishga undamoqda. Afsuski, Sovid-19 pandemiyasi inqiroz jarayonida markaziy kapitalistik va liberal davlatlarning moliyaviy vositalardan boshqa hech bir narsani o‘rtaga qo‘ya olmasliklarini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda «daromad taqsimlovchi davlat» modelini esga soldi. Zotan, bugun neftga boy mamlakatlarda hukmron elita o‘z aholisining ommaviy siyosiy va ijtimoiy talablarini qondirish, ularning roziligini olish uchun davlat resurslarini taqsimlash mexanizmlaridan imkon qadar ko‘proq foydalanmoqda.

Aytish mumkinki, institutsional va elita darajasida hal qilinadigan siyosatni ishlab chiqish va amalga tatbiq etish bugungi kunda davlatlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan eng asosiy masaladir. Sovid-19 epidemiyasi shu ma'noda inqirozga olib kelmaydigan, ammo inqirozni keltirib chiqargan potensial dinamikani tezlashtiradigan ta'sirga ega. Aytish mumkinki, har bir mamlakat bu jarayonni tarixiy, institutsional va madaniy tuzilishiga ko‘ra turlicha boshdan kechiradi.

Muammo nimadan kelib chiqmoqda?

AQSh, Germaniya va Fransiya kabi aksariyat davlatlarning fuqarolari o‘z mamlakatlarida sog‘liqni saqlash tizimi havas qilgulik darajada emasligiga guvoh bo‘lishdi. Ushbu vaziyatni esa o‘rta muddatli istiqbolda AQSh va Yevropada o‘ng qanot populist liderlar hokimiyatining zaiflashishiga olib keladigan jarayon sifatida ham ko‘rish mumkin. Muammo liderlarning balandparvoz nutqlari va mavjud haqiqatning bir-biriga to‘g‘ri kelmasligidan kelib chiqmoqda. Amaliy, keng qamrovli va inklyuziv yechimlar bizga texnik bilim va tajribaning muhimligini takror eslatmoqda. Populist rahbarlarning millatchilik ritorikasi Tramp ma'muriyatida ko‘rinib turganidek, kosmopolit texniklar va texnokratlarning tizimdan uzoqlashishiga olib keldi.

Sovid-19 bilan kurashda, prezident Tramp Amerika xalqi va o‘zi o‘rtasidagi ishonch rishtalarini mustahkamlash uchun mutaxassis texnokratlar va olimlardan foydalanmoqda. Zotan, jamiyatda qo‘rquvni boshqarish hozirgi siyosiy rahbarlar oldidagi eng muhim vazifalardan biridir. Fmmo fuqarolar epidemiya nazorat ostida ekanligini raqamlar bilan isbotlovchi statistika keltirilishini kutishmoqda.

Shaxsning siyosat va jamiyat bilan munosabatlari o‘zgarmoqda

Hislarimizni, ishonchimizni va harakatlarimizni yangidan shakllantirgan Sovid-19 epidemiyasi siyosatga bo‘lgan munosabatimizni ham o‘zgartirmoqda. Endilikda individual model atrofimizdagi insonlarning ham sog‘lom bo‘lishini ko‘zda tutuvchi yangi ijtimoiy muhitga ehtiyoj sezmoqda.

Ushbu jarayonda o‘z tor doiramiz bilan cheklanish hayot sifatimiz uchun yetarli emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Endi ishchilar, kurerlar va xodimlar dunyosi ham biz uchun muhim ahamiyat kasb etyapti. Sog‘liqni saqlashni jamoaviy shaklda yo‘lga qo‘yish bilan xarakterlanuvchi ushbu talab umumiy manfaatlar ostida birlashishga undamoqda.

Aytish mumkinki, mazkur epidemiyaning jamiyat, iqtisodiyot, siyosat va geosiyosatga ta'siri uzoq muddatli bo‘ladi. Ushbu ta'sirlar turli mamlakatlarda turlicha namoyon bo‘lishi tabiiy. Biroq mamlakatlarning institutsional tuzilmalari va madaniy dinamikasi bu jarayon yo‘nalishini belgilashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu jarayonda kapitalistik va liberal davlatlar inqirozni o‘z qobig‘iga qamalish yo‘li bilan emas, balki dunyoga ochilish bilan hal etishi mumkin. Chunki ushbu ulkan muammoni hal qilish uchun ichki resurslar yetarli bo‘lmasligi kunday ravshan. Shu asno asosiy dinamika hamkorlikka e'tibor beradigan siyosat tomon siljiydi.

Davlat qanday yo‘l tutishi kerak?

Hozir o‘z kelajagini qo‘rquv va umidsizliklar aro rejalashtirishga harakat qilayotgan fuqarolar uchun ijtimoiy yordam har qachongidan ham ijobiy samara berishi aniq. Bu jarayonda hukumat tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ish fuqarolik institutini imkon qadar mustahkamlashga harakat qilishdir. Bunday sharoitda davlat faqat iqtisodiy taqsimlash mexanizmlarini tatbiq etish bilan kifoyalanib qolmasligi kerak. Jamiyatni birlashtirish usullari ham amalga tatbiq etilishi lozim. Bundan tashqari, davlat yangi davrga mos keluvchi islohotlarga tayanish bilan bir qatorda global siyosatga uyg‘un qadam tashlashi lozim.

«Yangi globallashuv» nima?

Mutaxassislar orasida Sovid-19 inqirozidan keyin milliy davlatchilik kuchayadi, degan mulohazani ilgari surayotganlar ham yo‘q emas. Ularning fikricha, epidemiya davlat modelini markazlashtirishga yordam beradi va milliy konservativ siyosatni oldingi planga olib chiqadi. Bu ham bir faraz.

Ammo kutilayotgan narsa shundan iboratki, chegara bilmas global pandemik inqirozga qarshi kurashda global hamkorlik davlatlar uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Aftidan, inqirozdan so‘ng savdo, transport va logistika sohasidagi vaziyatni normallashtirish ba'zi protokollardan so‘ng amalga oshiriladiganga o‘xshaydi. Shu nuqtayi nazardan, davlatning o‘z fuqarolari bilan o‘rnatadigan munosabatlari tashqi siyosatdagi o‘zgarishlar bilan ham chambarchas bog‘liq. Ushbu jarayonni «yangi globallashuv» deb atash mumkin.

Xulosa o‘rnida

Xulosa qilib aytish mumkinki, Sovid-19 epidemiyasi davlatlararo munosabatlarda yangi globallashuvni yuzaga keltirdi. Nazarimizda, yangi davlatchilik asoslari hukumat va jamiyatlar o‘rtasidagi g‘oyalar va institutlar darajasida pishib yetilmoqda. Ayni paytda korporativ siyosat murakkabligi, elitalarning zaifligi, yangi populistik siyosatning nomuvofiqligi siyosat va geosiyosatni uchinchi yo‘ldan borishga majbur qilmoqda.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top