13:34 / 10.04.2020
95304
Hozirgacha 40ta tashkilotda koronavirus aniqlangan – Bahrom Almatov

O‘zbekistonda shu vaqtgacha 19ta oilada va 40ta tashkilotda koronavirus yuqtirish holatlari qayd etilgan. Oilalar uchun ham, tashkilotlar uchun ham karantin qoidalari joriy qilingan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov hozirgi kunga qadar koronavirus kasalligi aniqlangan bemorlarning epidemiologik marshrutini aniqlash ishlari haqida ma'lumot berdi.

«Kasallik yuqtirish holatlarini aniqlash jarayonida koronavirus infeksiyasining hozirgacha 19ta oilada oila a'zolari, qarindosh-urug‘larga tarqalgani aniqlandi», deya qayd etdi Bahrom Almatov AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, u 40ta tashkilotda virus yuqtirish holatlari kuzatilgani, oilalar uchun ham, tashkilotlar uchun ham karantin qoidalari joriy qilingani haqida ma'lumot bergan.

Agentlik direktorining so‘zlariga ko‘ra, korxona, tashkilotlarda kasallik yuqtirish ehtimoli aniqlansa, xodimlarni tezlik bilan karantinga olish choralari ko‘riladi.

«Hozirgacha 40ta tashkilotda koronavirus yuqtirish holati aniqlangan bo‘lsa, ulardagi barcha xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, maxsus karantin zonalariga 14 kun davomida saqlash uchun yuborilgan. Karantindagilar orasida kasallik aniqlanadigan bo‘lsa, bemor davolash uchun maxsus shifoxonalarga yuboriladi», deya Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, Bahrom Almatov koronavirus aniqlanadigan korxona yoki tashkilot darhol yopilib, dezinfeksiya ishlari olib borilishini aytib o‘tdi.

«Kasallik aniqlangan xodim kimlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lgani aniqlanib, karantinga olish ishlari olib boriladi. Agar ish jarayonida bemor bilan muloqotda bo‘lmagan xodim aniqlansa, unga nisbatan karantin joriy qilinmaydi.

Shuningdek, tashkilotning boshqa binosida ishlayotgan xodimlar bo‘lsa, bu kabi vaziyatlarda karantin tashkil qilishda o‘sha hududdagi epidemiologlar tomonidan holatga baho beriladi», dedi Bahrom Almatov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, virus yuqtirganlarni imkon boricha oldinroq aniqlash katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham laboratoriya tahlillarini aniqlashda kasallikni erta aniqlash usullaridan foydalanilmoqda. Tahlillar sifatini aniqlashda esa malakali olimlar yordami ham qo‘l kelmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top