16:45 / 10.04.2020
29670
O‘zbekistonda koronavirus yuqtirishi ehtimoli yuqori bo‘lgan kasb egalaridan test olina boshlanishi mumkin

Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida koronavirus yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlamini profilaktik laborator tahlillardan o‘tkazib borish rejalashtirilmoqda.

Foto: Eddie Gaspar/The Texas Tribune

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov koronavirus infeksiyasi yuqish ehtimoli yuqori bo‘lgan kasblar haqida ma'lumot berdi.

«Tibbiyotda «kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlami» degan tushuncha mavjud. Bu qatlamga kasb faoliyatiga bevosita bog‘liq odamlar ham kiradi.

Kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlami orasida birinchi o‘rinda bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘ladigan shaxslar – tez tibbiy yordam xodimlari turadi. Chunki ular chaqiruvga asosan, bemorlarni ko‘rish uchun borishadi.

Shuning uchun, tez tibbiy yordam xodimlari kasallanmasligi uchun ular maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, birinchi yordam ko‘rsatish jarayonida joydagi epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil qilish bo‘yicha malakaga ega», – dedi Bahrom Almatov 10 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan aholi qatlamini Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida profilaktik laborator tahlillardan o‘tkazib borish rejalashtirilmoqda.

«Tahlildan o‘tkazib turish rejalashtirilgan kasb egalari orasida tez tibbiy yordam xodimlari va oilaviy poliklinikalarda fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan qabul bo‘limi xodimlari, shifokorlar va hamshiralar bor.

Bundan tashqari, hududlarda jamoa bilan ko‘p ishlaydigan sotuvchilar, hisobchilar ro‘yxatlari ham shakllantirilgan. Ularni ham doimiy tekshirib borish yo‘lga qo‘yiladi», – dedi Bahrom Almatov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top