16:20 / 10.04.2020
91639
Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalinganlar soni oshdi

Samarqand viloyatida koronavirus yuqtirgan ilk bemor haqidagi ma'lumot 7 aprel kuni paydo bo‘lgan edi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar 3 nafarga yetgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan yana ikki kishida ham Covid-19 infeksiyasi qayd etilgan.

Viloyat Sog‘liqni SSB, viloyat SEOM markazi va mutasaddi tashkilot, idoralar hamkorligida epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 325 kishi Oqdaryo tumanidagi «Ustoz» sanatoriyasi, Samarqand tumanidagi viloyat salomatlikni tiklash shifoxonasi hamda Payariq tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga joylashtirilib, ularning salomatligi ustidan tibbiy nazorat o‘rnatilgan.

Hozirda shifokorlar va mutaxassislar tomonidan bemorlarni belgilangan standartlar bo‘yicha davolash hamda epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi boshqarma xabarida.

Samarqand viloyatida virusdan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat haqida 7 aprel kuni xabar qilindi. Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bemor 4 aprel kuni, tomoq og‘rishi va tana haroratining ko‘tarilishi bilan yashash hududidagi poliklinikaga murojaat qilgan. Vrach-infeksionist ko‘rigida bo‘lgan bemorning tana harorati ko‘tarilganligi uchun zudlik bilan izolyatorga olinib, undan olingan surtmalar viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan.

8 aprel kuni prezident ishtirokidagi yig‘ilish vaqtida Samarqand viloyatidagi ilk bemor katta bir korxona boshqaruvchisi ekani, u bilan muloqotda bo‘lgan ikki yuzga yaqin fuqaro ayni vaqtda karantinga olingani haqida ma'lum qilindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top