18:22 / 10.04.2020
2210
So‘x tumani 2-sektorida «Besh tashabbus markazi» ishga tushdi

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi 2-sektorga biriktirilgan «Oftobru» MFY hududida bo‘sh turgan bino ta'mirlanib, «Besh tashabbus markazi» ishga tushirildi.

Tuman hokimligi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, markazda:

  • 3,5 ming dona bosma va 1,5 ming dona elektron kitob bazasiga ega, bir vaqtning o‘zida 30 nafar o‘quvchiga xizmat ko‘rsatadigan kutubxona
  • jami 20 nafar xotin-qizlar bandligini ta'minlaydigan chevarchilik va pishiriqlar tayyorlash sexi
  • xotin-qizlarni oilaga tayyorlashga mo‘ljallangan o‘quv markazi
  • 115 o‘ringa ega bolalar qo‘g‘irchoq teatri (ayni damda oxirgi ishlar olib borilmoqda)
  • MFY hududida yashovchi 4200 nafar aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot maskani tashkil etilgan.

Sektor rahbari – tuman prokurori F.Abduvaliyevning sӯzlariga kӯra, tashkil etilgan markazning bunyod etilishida Ӯzbekiston Respublikasi Prezidentining So‘x tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri M.Botirovning hissasi katta.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan bo‘sh yer maydonida zamonaviy mini futbol maydonchasi va tomorqa egalarini o‘qitish uchun 1,5 sotix maydonda issiqxona qurilmoqda. Bugun issiqxonada ustalar oxirgi ishlarni amalga oshirishmoqda.

«Olti nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im har yili Rossiyaga borib ishlab kelardi, biroq bu yil koronavirus tufayli u ham Rossiyaga borolmadi. Tashkil etilgan sayyor qabulda bevosita sektor rahbariga ish joyi bilan ta'minlash masalasida murojaat qilgandim. Mana, prokurorimiz yordamlari tufayli sektor qoshida tashkil etilgan chevarchilik sexiga qizim bilan ishga kirib, daromadli ham bo‘ldik. O‘ziga behisob shukr, bizni tashvishlarimizni o‘ylagan yurtboshimizga rahmat», – deya Savriniso opa Abdulqosimovaning so‘zlarini keltirmoqda tuman hokimligi axborot xizmati.

«Dilhayo» xususiy korxonasi rahbari Dilbarxon Nishonova bir kun kelib tadbirkor ayol bo‘lishini hech ham o‘ylamaganini aytadi.

«Uyda qo‘ni-qo‘shnilardan buyurtma bo‘lsa, ko‘ylak va boshqa narsalarni tikish bilan shug‘ullanardim. Shu yil fevral oyida mahallamiz idorasida ishlaydigan Gulbahor opa uyimizga kelib: «Meni sektorimiz rahbari yubordi, u tikuvchilik sexi tashkillashtirayotgan ekan, sizga kichik korxona ochib ayollarni tikuvchilikka o‘rgatishingizni va sexni yuritishingizni taklif qilmoqchi ekan, rozi bo‘lsangiz, barcha zarur hujjatlarin rasmiylashtirish, aylanma mablag‘ uchun bankdan imtiyozli kredit olishda yordam berishini ham aytdi», deb qoldi.

«Agrobank» So‘x tuman filiali tomonidan berilgan 30 million so‘m imtiyozli kredit tufayli ishimizni boshlab oldik. Hozirda mahallamizdagi 12 nafar ishsiz, uyda o‘tirgan ayollarni ishga olib, tumanimiz aholisi uchun virusdan himoyalanishda zarur bo‘lgan yuz niqoblarini tayyorlab, dorixonalarga yetkazib beryapmiz. Ishim shunchalik tez yurishib ketganligidan zavqlanib, o‘z hisobimdan ikki mingta niqobni ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam sifatida tarqatdim», – deydi Nishonova.

Top