23:05 / 10.04.2020
67679
«Xotirjam bo‘lishga hali erta» – karantindan ochilgan Uhandagi vaziyat haqida

23 yanvarda boshlangan 76 kunlik tashqi dunyodan uzilishdan so‘ng, koronavirus pandemiyasi o‘chog‘i Uhan shahrida harakatlanish uchun rasmiy taqiq olib tashlandi. Shuning bilan dunyodagi eng katta ommaviy karantin tartibi 7 aprelda bekor qilindi.

Foto: REUTERS/Aly Song

G‘arb davlatlari hali virus oqibatlari bilan kurashayotgan bir paytda, Uhanning ochilishi – prezident Si Tszinpinning erta g‘alaba qilish rejasidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Uhandagi 11 million aholining ko‘pchiligi uchun shaharning ochilishi – bu shahar uchun jiddiy iqtisodiy stressni bartaraf etish harakatlari boshlanishini anglatadi. Shuningdek, aholi virusning ikkinchi to‘lqini boshlanishidan xavotirda, deb yozmoqda Financial Times nashri.

«Hali xotirjam bo‘lishga asos yo‘q...»

Shuning uchun garchi ko‘chalarda harakat boshlangan bo‘lsa-da, ko‘plab bizneslar hali ochilmagan. Ko‘plab yashash manzillaridagi to‘siqlar hanuz olib tashlanmagan, bu ham erkin harakat cheklanishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, qanchalab odamlar Uhanni tark etish uchun ruxsatnoma olishni kutishmoqda, lekin ular boradigan manzillarida ham karantinga olinishadi. Mahalliy aholi esa juda ko‘p odamning ko‘chalarda yurishi kutilmagan tarzda yana virus tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanmoqda.

«Hali xotirjam bo‘lishga asos yo‘q. Kasallik hukumat butun xalqning tibbiy resurslarini Uhanga yo‘naltirgani uchungina jilovlandi. Biroq biz koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga dosh berolmaymiz», – deydi inqiroz davrida Uhanda bo‘lgan akademik Lyusi Chjan.

Uhan mamlakatdan 23 yanvar kuni ajratilgan edi. Sal keyinroq esa Hubey provinsiyasining shaharlari ham yopib qo‘yildi. Umumiy hisobda, karantin davomida 60 million odam «asirlikda» saqlangandi.

Garchi Hubey provinsiyasi 25 martda ochilgan bo‘lsa-da, Uhan erkin harakat uchun kuni 7 aprelgacha yopiq edi.

AQSh, Italiya va Ispaniyada koronavirusni jilovlash borasida jiddiy kurash ketayotgan bir paytda, Uhandagi vaziyat Xitoy OAV tomonidan mamlakatning muvaffaqiyati sifatida talqin qilinmoqda.

Shahar ochilgan kun tongida ko‘chalar mashinalar signallariga to‘lib ketdi. Shahar tevaragida ham odamlarning tana harorati o‘lchash to‘xtatilgandan so‘ng transport qatnovi 10 barobarga ko‘paygan.

Haqiqiy g‘alabaga hali bor...

Uhanda odamlar shahar ochilganidan xursand, lekin haqiqiy g‘alabaga hali ancha bor.

Uhanning markaziy qismi – Honkou koronavirus tarqagan eng birinchi manzil sifatida nom qozongan va hanuz bu yerda istiqomat qiluvchilar qattiq nazorat ostida. Shu yerda joylashgan qator ko‘pqavatli uylar odamlarning kirish-chiqishiga yo‘l bermaydigan vaqtinchalik baland devorlar bilan o‘ralgan.

Chunki mahalliy hukumat nazoratning bekor qilinishi bilan  koronavirus simptomlari kuzatilmaydigan tashuvchilar kasallik tarqatishi ehtimolidan xavotirda. Shuning uchun ham hozir Uhanda biror jamoa orasida kimdadir koronavirus alomatlari seziladigan bo‘lsa, o‘sha jamoani tark etish mumkin emas.

Kasallik yuqtirib olish ehtimoli ko‘pchilikni haliyam uyda o‘tirishga majbur qilmoqda. Ko‘chaga chiqayotganlar ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakatlanishayotgani haqida aytishmoqda.

«Men hanuz savdo markazlariga bora olmayapman. Chunki u yerlarda kasallikni o‘zi bilmagan holda yuqtirayotganlar bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Tasavvur qiling: siz og‘ir kasallikdan tuzaldingiz va birdaniga ko‘p yeb-icholmaysiz. Normal hayotga qaytish uchun balansni ushlash kerak. Mana shu Uhan boshidan kechirishi kerak bo‘lgan tajriba», – deydi Uhanda savdo sohasida ishlovchi Jyek Mao.

Hukumatdan norozilar ham yo‘q emas

Virusning to‘satdan paydo bo‘lishi va uning birdaniga boshqa provinsiyalarga tarqab ketishi o‘n minglab odamlarni uylariga qamab qo‘ydi. Ko‘pchilik bu tutqunlikka o‘zlarini o‘rgatish uchun ham qiynalishdi. Ayni paytda esa hammasi iziga qaytishi uchun harakat qilinmoqda.

Shuningdek, hukumatdan norozilar ham yetarlicha. Masalan, 39 yoshli savdo boshqaruvchisi Li Xiujuan hukumatning iqtisodiy inqirozga sekin reaksiya qilgani unga qimmatga tushayotganini aytmoqda.

«Men 2 oylik daromadimni yo‘qotdim va oilam bilan ham birga bo‘la olmadim. Hukumat esa menga hatto konpensatsiya sifatida uyga ketish biletimni ham olib bermadi», – deydi Uhandan Changshaga o‘z hududiga ketayotgan Li Xiujuan.

Hozir Xitoyning ba'zi shaharlariga, masalan Xangjou va Guanjouga qaytish uchun Uhandan kelayotgan odam avval koronavirus uchun test topshirishi kerak. Bu ancha vaqt talab qiladi, qolaversa bu kambag‘al oilalar uchun ancha qimmatlik qiladi. Pekinga qaytishni umid qilganlar esa karantin zonalarida ushlab turilmoqda, bu esa, ayrimlarning fikricha, shunchaki Uhanda qolishdan ham yomonroq variant.

Pekinda joylashgan elektron tijorat kompaniyasi dasturchisi Nikki Xu ham yanvarda ota-onasini ko‘rish uchun kelganidan beri Uhanda qolib ketgan. U Pekinga qaytmoqchi bo‘lgan, biroq poytaxt ma'muriyati agar u shaharga keladigan bo‘lsa, maxsus tashkil qilingan karantinda yana 14 kun bo‘lishi lozimligini bildirgan.

«Biroq men Pekinga borib yana karantinga olinishdan uyda, Uhanda bo‘lishni afzalroq bilaman», – deydi Nikki Xu xonim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top