20:02 / 10.04.2020
11046

Yana bir huquqbuzarga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi

Samarqandda karantin choralariga rioya qilmagan va IIV xodimlari talabiga bo‘ysunmagan haydovchi 15 sutga qamaldi. 

O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirilishi bilan respublika shaharlarida avtomobillarda ruxsatsiz harakatlanish cheklandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahriga kiruvchi va chiquvchi 27 ta to‘siq post tashkil etilgan. Ularda viloyat IIB YHXB xodimlari va mutasaddi tashkilot vakillari karantin talablaridan kelib chiqqan holda xizmat qilishmoqda.

Joriy yilning 7 aprel kuni Samarqand tumanining Yuqori Qaynama MFY, sobiq Fotima Qosimova xo‘jaligi hududidan shaharga kiruvchi yo‘ldan harakatlanib kelayotgan 30 O 745 TA davlat raqam belgili “Damas” avtomashinasi 24-to‘siq postda to‘xtatilib tekshirilganda, transport vositasi haydovchisi Samarqand shahar hududiga kirish uchun aniq sabab topa olmasa-da kirishga uringanligi ma'lum bo‘lgan.

Transport vositasi haydovchisi uni to‘xtatishga uringan YPX inspektorlariga chap berib, o‘tish uchun tezlik bilan harakatlana boshlagan. Natijada, haydovchi avtomashina muvozanatini yo‘qotib, yon tomonida bo‘lgan “ISUZU” rusumli yuk avtomashinasiga urilgan.

Mazkur huquqbuzarga Samarqand tumani ma'muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 54-moddasi 2-qismi hamda 194, 195-moddalari asosida 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi belgilandi.

Top