12:31 / 11.04.2020
26617
Davlat qancha muddat davomida yordam berishi kerak: faqat karantindami yoki undan keyingi inqirozda hammi?

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov «MFactor» loyihasi mehmoni bo‘lib, koronavirus pandemiyasi va karantin choralarining iqtisodiyotga ta'siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Foto: KUN.UZ

“[Davlat tomonidan pulning] karantin davomida berilishining yaxshi tomoni odamlar karatindan qiynalmagan holda chiqib ketish ehtimoli bo‘ladi. Gap eng qiynalgan 5-10 millionta oila haqida ketyapti. Ikkinchisi, karantindan keyin berilishining ham o‘ziga yarasha yaxshi tomoni bor: iqtisodiyotning boshdan yurib ketishiga zamin yaratadi. Bu iqtisodiy islohotlar bilan birgalikda amalga oshirilsa, yaxshiroq bo‘ladi. Masalan, import bojlarining bekor qilinishi. Agar import bojlari bekor qilinsa, hamma tovar va xizmatlarning narxi tushadi. Shunga o‘xshagan islohotlar bilan birgalikda qilinsa, O‘zbekiston inqirozdan nisbatan tezroq o‘tib ketishi mumkin”, - dedi Behzod Hoshimov.

U davlat qarzni qayerdan olishi mumkinligi haqida ham fikr bildirdi.

“Hozir xalqaro moliyaviy tashkilotlar bor: Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki. Shu ikki tashkilot ham yordam berish haqida gapirishyapti. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki bor. Ular ham O‘zbekiston kabi mamlakatlarga yordam berish haqida gapirishyapti.

O‘zbekiston qarz olishi mumkin. Qarzni obligatsiyalar orqali olish mumkin. Yaqinda O‘zbekiston London birjasida taxminan 1 milliard dollarga yevrobondlarga joylashtirgandi, xuddi shunday qilib, chet eldan qarz olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki bunday mablag‘ o‘z vaqtida kerak”, - dedi Hoshimov.

Olimning ta'kidicha, yordam berilishi kerak bo‘lgan odamlarni mahalla qo‘mitalaridagi ma'lumotlar orqali topish mumkin.

“O‘zbekistonning mehnat statistikasiga qaraladigan bo‘lsa, mehnatga layoqatli insonlar tahminan 25 million atrofida. Shulardan 5,6 millioni rasmiy ish joyida ishlaydi. Ya'ni soliq qo‘mitasi ularning ish daromadlari haqida xabari bor. Qolgan 18,9 millioni esa norasmiy sektorda faoliyat yuritishadi. Ularning daromadlari haqida biz hech narsa bilmaymiz. Shuning uchun ham ko‘p mamlakatlarda turli ijtimoiy dasturlar bor. Ular odamlardan qancha daromad olishlari haqida so‘rab, uni bilishga harakat qiladi. Ko‘pincha daromadi ko‘p odamlar bunday narsalarga borgisi kelmaydi. Chunki u yerdagi byurokratiya – hujjat topshirish, o‘zini kambag‘al deb aytish kabi to‘siqlar bor. Puli bor odam bu narsa bilan shug‘ullanmaydi”, - dedi Hoshimov.

Odamlarga yordamni pul bilan bergan yaxshimi yoki oziq-ovqat bilanmi?

“Men iqtisodchi bo‘lganim uchun pul bilan bergan yaxshi deb hisoblayman. Chunki har bir oila o‘z sharoitidan kelib chiqib, nima olishni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishi mumkin. Kimgadir dori-darmon, yana boshqa odamga kiyim kerakdir. Masalan, kunbay ishlaydigan yuz minglab odamlar ro‘zg‘orini tebratardi: kuniga pul olib, shu puldan qarzini to‘lardi, svet, gazga to‘lardi, uyini ta'mirlardi. Shunga o‘xshagan xarajatlar bor. Hamma pulini ham oziq-ovqatga sarflamaydi.

Hozirda qilinayotgan volontyorlik ishlari juda ham oliyjanob, muhim deb o‘ylayman. Lekin davlat siyosati nuqtayi-nazardan pulni kartoshka, guruchga chaqib bergan yaxshimi yoki pul berishmi deganda, albatta pul derdim. Eng zaif odamlar, ya'ni farzandlari bor, kambag‘al odamlarga pul orqali yordam berishni yaxshi siyosat deb o‘ylardim”, - dedi Behzod Hoshimov.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top