15:46 / 11.04.2020
52892
DSQ plastik kartalar mablag‘lari bo‘yicha banklardan ma'lumot olmoqchi. Shov-shuvli nizom haqida batafsil

Davlat soliq qo‘mitasi bank kartalaridagi pul mablag‘lari haqida ma'lumot to‘plamoqchi. Bu haqdagi Nizom qizg‘in muhokama va tanqidlarga sabab bo‘ldi.

6 aprel kuni Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) va Markaziy banki boshqaruvining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qo‘shma qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Bu loyiha portalda va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga va keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Loyihaning mazmuni va mohiyati nimada?

Ushbu qonun hujjatlarini qabul qilinishi orqali Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari:

1. korxona va tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari to‘g‘risidagi axborotlarni so‘rovga ko‘ra banklardan elektron tarzda olmoqchi;

2. bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln so‘mdan, shuningdek transaksiyalar soni 10tadan oshgan P2P (kartadan kartaga pul o‘tkazish) operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklardan elektron tarzda olmoqchi.

DSQ bu ma'lumotlardan qanday maqsadda foydalanmoqchi?

Qarorda «DSQ ushbu axborotlar orqali soliq to‘lamaslik xavfi darajasiga ko‘ra soliq to‘lovchilarni segmentlaydi hamda soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan DSQning tegishli tuzilmalariga soliq nazoratini amalga oshirish uchun ma'lumotlar beriladi», - deyilgan.

«Segmentlaydi» so‘zi katta ehtimol bilan «yashirin tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar aniqlanadi va ularni soliqqa tortish choralari ko‘riladi» degan ma'noni anglatadi.

Nega bu qaror portal va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘ldi?

Qaror loyihasi portalda qizg‘in muhokama qilinib, turli e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Qayd qilish joizki, maqola yozilayotgan paytda ularning soni 200dan oshib ketgan.

Umumlashtiradigan bo‘lsak, fuqarolar bu qarorning «Bank siri to‘g‘risida”gi va «Tijorat siri to‘g‘risida»gi qonunga zid ekani, uning qabul qilinishi bank tizimiga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga va naqd pulsiz hisob-kitoblarning kamayishiga, natijada, yashirin iqtisodiyotning «gullab yashnashi»ga olib kelishi, shaxsiy mulkning daxlsiz ekani, shaxsiy ma'lumotlar sir tutilishi lozimligi haqida izoh qoldirishgan.

E'tirozlarning asosiy qismi nizom loyihasining «pul aylanmalari 30 mln so‘mdan va P2P transaksiyalar soni 10tadan oshsa» degan bandiga qaratilgan.

Odamlar «plastik kartadagi mablag‘lar qo‘shimcha soliqqa tortiladi» degan xavotirga tushib qolishgan. Tabiiyki, soliq idorasining fuqarolarning hamyoniga nazar solish va kirim-chiqimlar haqida ma'lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishi ko‘pchilikka yoqmayapti. G‘azabnok sharhlar va izohlarning aksariyati shundan dalolat bermoqda.

DSQ qo‘shimcha izoh berdi

Davlat Soliq Qo‘mitasi biroz kechikib bo‘lsa-da, ushbu masala yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

«Bu qarorni ishlab chiqishdan asosiy maqsad - tadbirkorlar soliqlarni to‘lashdan bosh tortmasdan qonuniy faoliyat olib borishini ta'minlashdir. Banklar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga asosan, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarning savdo aylanmalari aniqlanadi», - deyiladi bayonotda.

DSQ bu qaror orqali Telegram kanallari, Instagram, Facebook orqali uydan chiqmasdan tovarlar va xizmatlarni sotishni amalga oshirayotganlarni aniqlab, ularning faoliyatini qonuniylashtirib, soliqqa tortishni ko‘zlayotganini bildirdi.

«Bugungi kunda mamlakatimizda raqamlashtirishning keng joriy etilayotgani natijasida elektron tijorat rivojlandi. Telegram kanallari, Instagram, Facebook orqali uydan chiqmasdan tovarlar va xizmatlarni sotish amalga oshirilmoqda.

Bunday onlayn-do‘konlarning assortimenti ko‘pincha tadbirkorlik sub'yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan o‘rtacha do‘konlardan farq qilmaydi. Mahsulot yoki xizmat haqini to‘lashda, bunday «sotuvchi»lar aksariyat hollarda pulni jismoniy shaxslar kartasiga (R2R) o‘tkazishni so‘rashadi.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur «tadbirkorlar»ning aksariyati davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Ular daromadlarini deklaratsiya qilmaydi va shu sababli soliqqa tortilmaydi, bu «yashirin iqtisodiyot» o‘sishiga olib keladi», - deyiladi DSQ bayonotida.

Savdo-sanoat palatasi qanday fikrda?

Qizig‘i shundaki, qaror loyihasida bu Nizomning O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (SSP) bilan kelishilgani haqida yozilgan.

Ammo SSP qaror loyihasidagi bandlarga umuman qarshi ekanini ta'kidlab, uning Jamoatchilik ekspertizasi xulosasidan o‘tkazilgani va 30 mart kuni (ya'ni qaror loyihasi muhokama uchun portalga joylashtirilishidan 1 hafta oldin) bu haqda xulosa berganini ta'kidladi.  

SSP xulosasiga ko‘ra, Nizomning bandlari «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun talablari va Soliq kodeksining 134-moddasi talablariga mos kelmaydi. 

«Bu Nizom «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun talablari va Soliq kodeksining 134-moddasi talablariga mos kelmaydi.

Xususan, loyihadagi «bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln so‘mdan (shu jumladan, chet el valutasi milliy valuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va transaksiyalar soni 10tadan oshgan R2R operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni har oy yakuni bo‘yicha keyingi oyning uchinchi ish kunidan kechiktirmagan holda milliy va chet el valutasida 6 va 6a-ilovalarga muvofiq», – deb ko‘rsatilgan. Biroq, mazkur talab Soliq kodeksida ko‘rsatilmagan, ya'ni bu qoida huquqiy asosga ega emas. Bayon etilganlarni e'tiborga olib, Nizom loyihasini Soliq kodeksining 134-moddasiga va «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonun talablariga hamda iqtisodiyoti rivojlangan ilg‘or davlatlarning tajribasini chuqur o‘rgangan xolda qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi», - deyiladi xulosada.

SSP bu tavsiyalarning ko‘rib chiqilishi natijasi yuzasidan xabar berish lozimligini ko‘rsatgan. Ammo SSP bu xabar olingani yoki yo‘qligi haqida ma'lumot bermadi.

Bu loyiha yuzasidan Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov ham o‘z xulosasini berdi.

«Muhokamaga qo‘yilgan hujjatda bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln. so‘mdan (shu jumladan, chet el valutasi milliy valuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalari soni 10tadan oshgan operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklar soliq idoralariga taqdim etishi belgilanmoqda. Soliq kodeksining 134-moddasida jismoniy shaxslarning bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘larining aylanmasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar o‘z ifodasini topmagan. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, muhokamaga qo‘yilgan hujjatga Soliq kodeksida nazarda tutilmagan me'yorlar kiritilgan. Shu bois hujjatni Soliq kodeksiga asosan qayta ko‘rib chiqish lozim», deyiladi senatorning bayonotida.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Soliq qo‘mitasi o‘z funksiyasini bajarishga intilib, bu nizom asosida soliqdan qochib yurganlarni aniqlash va soliqqa tortishni maqsad qilayotgani tushunarli. Bu dunyo amaliyotida bor narsa.

Ammo qonun hujjatlari idoralar tomonidan turlicha talqin qilinayotganini qanday tushunish mumkin?

DSQ va MB nizom bandlarining Soliq kodeksi va «Bank siri to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq deb hisoblamoqda. Savdo-sanoat palatasi va Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi esa, aksincha, zid deb hisoblamoqda.

Bundan tashqari, Nizomda loyiha SSP bilan kelishilgani yozilgan. Ammo SSP o‘z xulosasida Nizom bandlariga qarshi bo‘lgan fikrlarni bildirgan. Buni qanday tushunish mumkin?

Yana bir jihati - DSQ bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln so‘mdan, shuningdek transaksiyalar soni 10tadan oshgan P2P (kartadan kartaga pul o‘tkazish) operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklardan elektron tarzda olmoqchi. Xo‘sh, bu 30 mln so‘m degan raqam nimaga asosan olindi? Nega 25 mln emas yoki 100 mln emas?

Albatta O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik-maoshlar miqdoridan kelib chiqadigan bo‘lsak, bank kartasidagi aylanmalari qiymati 30 mln so‘mdan oshadigan odamlar ko‘p bo‘lmasa kerak. Borlarining hammasi ham tadbirkor emas. DSQ ularni ushlab, yoppasiga soliqqa tortishni ko‘zlamagan.

Bundan tashqari, «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti fuqarolarning bank hisobvaraqlaridagi, shu jumladan plastik kartalaridagi barcha «shubhali» aylanmalari haqida so‘zsiz ma'lumot olish huquqiga ega.

Bu qonun 2004 yildan beri amal qilmoqda va unda: «Yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotni yoxud boshqa ma'lumotlarni maxsus vakolatli davlat organiga belgilangan tartibda taqdim etish tijorat, bank siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni buzish hisoblanmaydi», deyilgan. Ya'ni DSQ barchaga sir bo‘lib turgan ma'lumotlarni qo‘lga kiritishga intilayotgan yagona idora emas, korxona va tashkilotlar, fuqarolarning plastik kartalardagi mablag‘larning aylanmasi shudoq ham «maxsus vakolatli davlat organi» nazorati ostida turibdi.

DSQ bu Nizom orqali «yashirin iqtisodiyot»ga barham berishni ko‘zlayotganini aytmoqda. Ammo bu Nizomning mazmun va mohiyati bo‘yicha yetarli tushuntirish o‘z vaqtida berilmadi. Berilgan vaqtda esa «to‘qayga o‘t ketib» bo‘lgan edi.

Nurmuhammad Said

Top