10:35 / 11.04.2020
13714
«Elastik bo‘lmagan, muhim mahsulot ishlab chiqaruvchilarning inqirozdan chiqishi oson» – Behzod Hoshimov

Odamlarning daromadlariga bog‘liq bo‘lmagan tovar ishlab chiqaruvchilari inqirozdan osonroq chiqadi, deb hisoblaydi Behzod Hoshimov.

Arxiv foto: KUN.UZ

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov «MFactor» loyihasi mehmoni bo‘lib, koronavirus pandemiyasi va karantin choralarining iqtisodiyotga ta'siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Karantin uzoq vaqt davom etishidan qaysi sohalar ko‘proq zarar ko‘radi?

“Qiziq narsa borki, insonlar daromadi oshgani sayin ularning oziq-ovqat, salfetkalar kabi narsalarda iste'moli oshmaydi. Arzon tovarlar unchalik elastik emas. Odamlarning daromadlari oshgani sari ularning iste'moli ko‘payib bormaydi. Bu degani pulingiz bugun 100 so‘m, agar ertaga 200 so‘m bo‘lib qolsa, kartoshkani ko‘proq iste'mol qilmaysiz. Kartoshka, arzon guruch kabilar noelastik tovarlar deyiladi.

Daromad o‘zgarganda iste'moli o‘zgaradigan tovarlar esa elastik tovarlar deyiladi. Qimmat kiyim-kechak elastik tovar. Agar daromadingiz oshsa, qimmat kiyim-kechak iste'moli ham oshadi. Sayohat ham xuddi shunga o‘xshagan elastik tovar. Shuning uchun ham elastik tovar va xizmat ishlab chiqaruvchilari qiynalish ehtimoli bor.  Chunki ular ishlab chiqargan tovarlar odamlarning daromadlariga bog‘liq. Odamlarning daromadlariga bog‘liq bo‘lmagan tovarlar masalan, non yopish, taksida yurish yoki shu kabi tovarlar albatta yaxshiroq [inqirozdan chiqishi osonroq bo‘ladi].

O‘zbekistonda insonlarning juda kichik guruhlari uchun ishlab chiqariladigan tovarlar bor. Misol uchun, juda boy insonlar uchun ishlab chiqariladi yoki xizmat ko‘rsatiladi. Agar boylarning jamg‘armalari juda katta miqdorda kamaymasa, qimmat tovar ishlab chiqarilishiga qaramay, “cho‘kib ketmaslik” ehtimoli bor.  Elastik bo‘lmagan, juda ham muhim bo‘lgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarsangiz, inqirozdan chiqishingiz albatta oson bo‘ladi”, - dedi Behzod Hoshimov.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top