18:12 / 11.04.2020
10516
Hujjatlardagi granulalar 11 milliard so‘mlik kiyim-kechak ekani aniqlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida import qilingan tovar-moddiy boyliklar rasmiylashtiruviga taqdim etilgan hujjatlarga ma'lumotlarni noto‘g‘ri kiritish bilan bog‘liq navbatdagi qonunbuzilish holatlarini fosh etishdi. 

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Qo‘mita axborot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ushbu tadbir Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. 

Ta'kidlanishicha, Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga xorijdan olib kelinayotgan yuk konteyneri «Chuqursoy texnik idora»  temir yo‘l chegara bojxona postidagi inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklarning tasvirlari bilan unga tegishli hujjatlardagi ma'lumotlar o‘rtasida tafovut borligi ma'lum bo‘ldi.

«Vaholanki, mazkur konteynerlarda hujjatlarga muvofiq «Granulalangan polipropilen»  tovarlari bo‘lishi kerak edi. Ammo, ko‘rik jarayonida butunlay boshqa manzara namoyon bo‘ldi. Mazkur konteynerlar ayollar va erkaklar kiyimlari bilan liq to‘la ekanligi fosh bo‘ldi», - deyiladi axborotda. 

Tadbir davomida ushbu 737 400 dona ayollar va erkaklar kiyimlarining umumiy qiymati 11,06 milliard so‘mni tashkil etishi hamda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qonunbuzarlar bu harakati bilan salkam 4,5 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tishga uringanligi bildirildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top