23:49 / 11.04.2020
118044

Kam ta'minlangan, uy-joyga muhtoj, og‘ir vaziyatga tushib qolgan shaxslarga uy sotib olish uchun subsidiyalar to‘lash tartibi belgilandi

Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlarga uy-joy sotib olishda subsidiyalar to‘lash tartibi belgilandi.

Foto: KUN.UZ

“2019 yil 28 noyabrda qabul qilingan “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida kam ta'minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanishi belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-sonli qarori bilan ayrim shaxslarga uy-joy sotib olishda (ipoteka kreditlari to‘lovi uchun) subsidiyalar to‘lash tartibi belgilandi.

Subsidiyalar – daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa shaxslarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlang‘ich badal yoki kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish maqsadida davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lardir.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari (fuqaro mehnat migranti bo‘lganda uning nomidan oila a'zolari ham ariza berishi mumkin) uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal yoki kredit foizini bir qismini qoplash bo‘yicha subsidiyalar olish yuzasidan yilning 1 martidan 1 oktyabriga qadar Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali ariza berishlari mumkin”, dedi Sevara Zokirova.

Uning aytishicha, ariza berish jarayonida quyidagi ma'lumotlar taqdim etiladi:

– jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami ma'lumotlari;

– oila a'zolarining shaxsiy identifikatsiya raqami ma'lumotlari

va nikoh qayd etilganligi guvohnomasi (to‘liq oila va voyaga yetgan farzandi(lari) bo‘lganda) va farzandlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari (agar voyaga yetmagan bo‘lsa) nusxasi;

– nikoh bekor qilinganligi haqidagi guvohnoma yoki nikoh haqiqiy emas deb topilganligi to‘g‘risidagi sud qarori (nikoh qayd etilgan hollarda) va oilaviy holati to‘g‘risida FHDYo organlari arxividan ma'lumotnoma nusxasi (nikoh qayd etilmagan hollarda);

– turar-joyining kadastr raqami va turiga tegishli ma'lumotlar;

– turar-joyining uy daftarining yoki kvartira kartochkasining (17-shakl bo‘yicha) nusxalari;

– ariza beruvchi va birgalikda qarz oluvchilarning daromadi hamda ushlab qolingan daromad soliqlari haqida ma'lumotnoma.

Davlat xizmatlari agentligi katta maslahatchisi Abror Maxsudovning aytishicha, subsidiyalar to‘lash bo‘yicha mas'ul organlar (ichki ishlar bo‘limi, moliya bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvatlash bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, ishtirok etuvchi tijorat banklari) 10 ish kunida ariza beruvchilarga mezonlar bo‘yicha ball beradi.

“Subsidiyalar to‘lash bo‘yicha komissiya olingan baholash natijalarini 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, ariza beruvchiga subsidiya ajratish yoki uni rad qilish haqida qaror qabul qiladi hamda uni Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali ariza beruvchiga yuboradi.

Ariza beruvchi subsidiya olish haqida xabarnoma olgan taqdirda 1 oylik muddatda uy-joy sotib olish bo‘yicha xususiy (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi hamda tegishli tijorat bankiga murojaat qiladi.

Tijorat banki 3 ish kuni davomida ariza beruvchiga ipoteka ajratish masalasini ko‘rib chiqadi.

Kredit shartnomasi tuzilganda tijorat banki subsidiyani to‘lab berish bo‘yicha tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limiga buyurtmanoma yuboradi va g‘aznachilik bo‘limi 3 ish kuni davomida belgilangan subsidiyani to‘lab beradi. Oylik foiz to‘lovi uchun subsidiya ajratilganda g‘aznachilik bo‘limi har oyning 25 sanasiga qadar oylik foizlar bo‘yicha subsidiya to‘lovini o‘tkazib boradi.

Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilganda ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari mutanosib ravishda pasayadi, ko‘tarilganda esa o‘zgarishsiz qoladi”, deydi Abror Maxsudov.

Mutaxassisning qayd etishicha, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qurilish vazirligi hamda tegishli hokimliklar bilan birga hududlarda quriladigan uy-joylar sonidan kelib chiqib, yil davomida ajratiladigan subsidiyalar miqdori haqida ommaviy axborot vositalarida ma'lumot beradi;

Shuningdek, mazkur qaror bilan subsidiya ajratishda nomzodlarni tanlab olishda ularga baho berishning mezonlari ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, ariza beruvchi yoki uning oilasining daromadi (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida), turgan joyi maqomi (ijara, o‘z mulkida va boshqa asoslarda), ijtimoiy himoyaga muhtojligi (“labour-migration” dasturidan ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migrantlari, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar, yolg‘iz boquvchiga ega bo‘lgan oila — erkak va boshqalar), oilada quyidagilarning mavjudligi (birinchi guruh nogironi bo‘lgan shaxs, surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi shaxs, og‘ir nogironlikka olib keluvchi kasallikka chalingan bolani parvarishlayotgan shaxs) kabi mezonlar belgilangan.

“Agar talabgor ipoteka shartnomasi bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini (to‘lovlarni) surunkali ravishda bajarmasligi oqibatida ipoteka shartnomasi bekor qilinsa, shartnoma bo‘yicha undiriladigan mablag‘lar, shu jumladan, ajratilgan subsidiyalar garovdagi uy-joy sotilishidan to‘liq ravishda qaytariladi.

Shu bilan birga, uy-joy sotib olishda subsidiya ajratish bilan arzon uy-joy olishni chalkashtirmaslik kerak. Amalda mavjud arzon uy-joy uchun NAVBATlaringiz DXMlar orqali o‘zgartirilmaydi, Markazning bu masalaga aloqasi yo‘q. Mazkur masalada mahalliy hokimiyatlarga murojaat etish lozim.

Faqat siz subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali murojaat qilasiz va natijasini olishingiz mumkin, qolgan masalalarni, ya'ni kimga, qaysi hamda qancha miqdorda subsidiyalar ajratishni tashkil etiladigan komissiya tomonidan hal qilinadi. Buni hal qilishga Davlat xizmatlari markazi aralashmaydi”, deydi Abror Maxsudov.

*) O‘rtacha oylik daromadi:

qishloq joylarda – MHTEKMning 3,8 baravaridan kam va 5,8 baravaridan ko‘p;

shaharlarda – MHTEKMning 4,0 baravaridan kam va 6,5 baravaridan ko‘p;

Toshkent shahrida – MHTEKMning 4,5 baravaridan kam va 9,0 baravaridan ko‘p bo‘lgan oilalarga subsidiya ajratilmaydi.

**) To‘liq o‘z mulkida uy-joyga ega bo‘lgan oilalar (er yoki xotin)ga subsidiya ajratilmaydi.

***) III bo‘limdagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar” mezoni bo‘yicha

10 ball olgan nomzodlarga IV bo‘lim mezonlari bo‘yicha ball berilmaydi.

Shuningdek, IV bo‘lim mezonlari bo‘yicha 10 ball olgan nomzodlarga III bo‘limdagi “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar” mezoni bo‘yicha ball berilmaydi.

****) IV bo‘lim bo‘yicha ball bitta mezonga beriladi.

Mavzuga oid
Top