00:11 / 11.04.2020
60402
Koronavirus: Qurbonlar soni 100 mingdan oshdi, Britaniyada yangi antirekord

So‘nggi ma'lumotlarga dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari 1,7 millionga yaqinlashmoqda, qurbonlar soni 100 mingdan oshib ketgan, epidemiya jahonning 185 mamlakatiga tarqalgan.

Foto: Reuters

Britaniya antirekordlarni yangilashda davom etmoqda: bu yerda so‘nggi kunda yana 980 kishi Covid-19 qurboniga aylandi va shu vaqtgacha halok bo‘lganlar soni 8958taga yetdi (bu statistikaga faqat shifoxonada vafot etganlar kiritilgan). Jami zararlanish holatlari soni 73758tani tashkil qilmoqda - so‘nggi bir kunda yaa 8681 kishida virus aniqlandi.

Boris Jonson jamoasi juma kuni maxsus matbuot anjumanida jurnalistlarga bosh vazirning ahvoli sekinlik bilan yaxshilanib borayotgani haqida xabar berdi. U biroz avvalroq intensiv terapiya bo‘limidan oddiy palataga o‘tkazilgandi.

Bosh vazir qachon o‘z ishiga qaytishi haqidagi savolga hozircha javob yo‘q.

Juma kuni Turkiya harbiy havo kuchlarining transport samolyoti Buyuk Britaniyaga individual himoya vositalarini yetkazib berdi.

Buyuk Britaniyadagi tibbiyot xodimlarida ayni vaqtda tibbiy niqoblar va boshqa himoya vositalari tanqisligi kuzatilmoqda, holbuki mamlakat hali epidemiyaning pik davrini bosib o‘tmadi.

Foto: Reuters

AQSh virusdan zararlanganlar soni bo‘yicha yetakchilikni davom ettirmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda zararlanish holatlari soni yarim millionga yaqinlashgan, qurbonlar soni 17 mingdan ortiq - so‘nggi kunda yana 1324 kishi virusdan zararlanish oqibatida vafot etdi.

Ispaniya va Italiyada o‘limlar soni kamaydi

Ispaniyada o‘tgan kunda 605 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi, bu 24 martdan buyon kuzatilgan eng past kunlik ko‘rsatkichdir. Bu esa hukumatda mamlakat pandemiyaning pik davridan o‘tib olgani haqida umidlar paydo qilmoqda.

Shuningdek, kunlik zararlanishlar soni o‘tgan kungidan 3 foizga pasaygan. Mamlakatda so‘nggi bir kunda  4576ta holat qayd etilgan va jami holatlar soni 157 mingdan oshiqroqni tashkil etmoqda.

Ispaniya zararlanganlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi, qurbonlar soni bo‘yicha esa AQSh va Italiyadan keyin uchinchi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Ispaniyada Covid-19 dan vafot etganlar soni 15970 nafarga yetdi.

Italiyada ham qatorasiga ikkinchi kun koronavirus qurbonlari soni kamaydi.

10 aprel kuni 570 kishi vafot etdi, bu bir kun oldingidan kamroq - 610. Mamlakatda epidemiya cho‘qqisida, 28 mart kuni 971 bemor o‘limi qayd etilgandi. Ayni vaqtga kelib jami qurbonlar soni 18849 nafarga yetgan.

Shu vaqtgacha virusdan zararlanganish holatlari soni 147577tani tashkil qilmoqda.

Shu kunlarda Italiyadagi nashrlar bemorlarning tuzalish holatlari o‘sib borayotgani haqida yozmoqda. Hozirga kelib sog‘ayganlar soni 30 mingdan oshgan.

Eng og‘ir vaziyat Lombardiyada kuzatilmoqda, bu shimoliy viloyatda qurbonlar soni o‘n mingdan oshiq.

So‘nggi kunlarda o‘limlar soni kamayishi pandemiya tufayli eng ko‘p qurbon bergan Italiyaga umid bermoqda. Raqamlar mamlakat o‘limlar soni bo‘yicha ko‘tarilish davridan o‘tganini ko‘rsatmoqda.

Yevropada yana nimalar bo‘lmoqda
Juma kuni kechqurun YeI moliya vaziri ittifoqning nisbatan qashshoq davlatlari hukumatlariga, ishsiz qolgan fuqarolar va biznesga ko‘mak sifatida 500 milliard yevro miqdoridagi paket ajratish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Fransiya janubidagi Kannda ko‘chalar dezinfeksiya qilinmoqda / AFP

Fransiyada koronavirusdan vafot etganlar soni o‘sishda davom etmoqda. So‘nggi bir kunda virus 987 kishini hayotdan olib ketdi. Shu vaqtgacha mamlakatda virusdan zararlanish holatlari soni 124 mingdan oshdi, 13 mingdan ortiq o‘lim qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jyerom Salomning ma'lum qilishicha, so‘nggi bir kunda vafot etganlar orasida 10 yoshli bola ham bor.

Shu bilan birga, mamlakatda reanimatsiya bo‘limlariga joylashtirish zarurati bo‘lgan bemorlar soni kamaymoqda. Kasallanganlarning 23 mingdan ortig‘i sog‘aygan.

Gretsiyada lo‘lilarning yirik qishloqlaridan birida yashovchi 3 mingdan ortiq kishi karantinga joylashtirildi, bu yerda 13 kishida Covid-19 aniqlangan. Gretsiyada virus tashxisi qo‘yilganlar soni 2 mingga yaqinlashmoqda - 1995.

Belgiyada kunlik o‘lim bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi - 496 kishi, bu mamlakatda koronavirusdan vafot etganlarning jami soni 3019 nafarni tashkil qilmoqda.

Shvetsiyadagi Dagens Nyheter nashri xabar berishicha, mart oyi boshida o‘tkazilgan ziyofatda qatnashgan 100 nafar mehmondan 70 nafarida virus aniqlangan. Lekin o‘sha ziyofatda bo‘lganlarning barchasi ham test topshirmagan.

Shvetsiya - epidemiya davrida qat'iy karantin choralari qo‘llamaslikka qaror qilgan kam sonli davlatlardan biridir. Skandinaviya davlati hukumati vakillari bu orqali aholida immunitet hosil qilishni maqsad qilgan. Ayni vaqtgacha mamlakatda qariyb 10 ming kishi virus yuqtirgan, shundan 870 kishi vafot etgan, 381 kishi sog‘aygan.

Rossiyada salbiy dinamika
Rossiyada kundan-kunga zararlanish holatlari ortmoqda, 10 aprel kuni epidemiya boshlanganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi - 1786 kishi zararlanib, yana 18 kishi vafot etdi. Endilikda Rossiyada jami zararlanish holatlari soni 12 mingga yaqinlashdi, o‘limlar soni 94ta.

Eng ko‘p holatlar Moskvaga to‘g‘ri kelmoqda, lekin virus barcha regionlarga yoyilgan. Moskva meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, shaharni hali kasallik tarqalishi ko‘tarilishi oldinda kutib turibdi.

Belarusda 10 aprelga kelib 1981 holat qayd etilgan, shundan 169 kishi sog‘ayib, 19 bemor vafot etgan. So‘nggi 11 kunda kasallanganlar soni 10 barobar oshgan.

Dorixonalarda qator dori vositalari xaridiga cheklov o‘rnatilgan, paratsetamol, tibbiy niqob, dezinfeksiya geli va boshqa shu kabi vositalarni ma'lum miqdordan oshiq sotib olib bo‘lmaydi.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi va mahalliy hukumat aholini ihotalanish choralariga qat'iy rioya qilish va ommaviy tadbirlardan qochishga chaqirmoqda. Lekin mamlakatda rasman karantin joriy etilmagan.

Minskda G‘alaba kuniga tayyorgarlik davom etmoqda, futbol chempionati ham o‘tkazilmoqda, savdo markazlari hamon ochiq.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top