14:15 / 12.04.2020
5461

Karantin davrida fuqaro xususiy bandlik agentligiga to‘lagan pulini qaytarib olishi mumkin

Xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgan fuqarolar istalgan holatda to‘lagan pulini qaytarib olish huquqiga ega. Agar agentlik vakili shartnomada ko‘rsatilgan shartlarni bajarishdan bosh torsa yoki pulni qaytarib bermasa, fuqaro Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish mumkin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot kotibi Shahnoza Ravshanova AOKAda o‘tkazilgan brifingda pandemiya davrida xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgan fuqarolar pullarini qaytarib olish imkoniga egaligi haqida ma'lumot berdi.

«Xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzgan fuqarolar istalgan holatda to‘lagan pulini qaytarib olish huquqiga ega. Dastavval, fuqaro xususiy bandlik agentligi bilan imzolangan shartnomani qayta o‘qib chiqishi zarur», deya ta'kidladi Shahnoza Ravshanova.

Vazirlik vakilining qayd etishicha, shartnomada fors-major holatlarida XBA va mijoz o‘rtasidagi munosabatlar qay tarzda tartibga solinishi ko‘rsatilgan bo‘ladi. Agar shartnomada bunday band bo‘lmasa, XBA vakili bilan kelishib, to‘lagan mablag‘ni qaytarib olish mumkin.

Biroq karantin va cheklov tadbirlari sabab shahar bo‘ylab harakat cheklangani, ayrim korxona va tashkilotlar faoliyati qisman to‘xtatilgani tufayli pulni qaytarishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi ham mumkin.

Bundan tashqari, agar xususiy bandlik agentligi vakili shartnomada ko‘rsatilgan shartlarni bajarishdan bosh torsa yoki pulni qaytarib bermasa, fuqaro Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi mumkinligi aytib o‘tildi.

«Karantin va cheklov tadbirlari sabab xorijiy davlatlar elchixonalari, konsullik bo‘limlari vaqtinchalik fuqarolarni qabul qilmayapti.

Biroq ayrim holatlarda  ishchilarning chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun hatto taklifnomalar ham kelganiga guvoh bo‘lyapmiz. Lekin bugungi vaziyat sabab barcha jarayonlar to‘xtagan. Shularni inobatga olgan holda, fuqarolarga ish takliflari bo‘yicha biror qaror qabul qilishda karantin tugashini kutishni maslahat beramiz», deya Shahnoza Ravshanovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top