16:11 / 13.04.2020
12565
«Ayrim tarmoqlar uchun soliqlarni bekor qilish orqali yordam berish kerak» – Yuliy Yusupov iqtisodiyotni qutqarish haqida

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Ground Zero tomonidan tashkil qilingan vebinar doirasida «Koronavirusgacha va undan keyingi jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston» mavzusida ma'ruza qildi hamda savollarga javob berdi.

Foto: Facebook /yuliy.yusupov

Vebinarni kuzatgan Kun.uz muxbiri taniqli iqtisodchining fikrlarini o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

­­­­­­­ Epidemiyaning iqtisodiyotga ta'siri qanday bo‘ladi?

Epidemiyaning o‘zi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu noaniq vaziyat. U qancha davom etishini bilmaymiz. Ha, epidemiyani kamaytirishga muvaffaq bo‘lgan mamlakatlar bor. Biroq global miqyosda u qachon tugashini bilmaymiz.

Shuning uchun uning iqtisodiyotga qanday ta'sir ko‘rsatishini haqida juda taxminiy fikrlarni aytish mumkin. Karantin choralari may, iyun oyigacha saqlansa ham iqtisodiyot tanazzuli katta bo‘ladi. Jahon iqtisodiyoti uchun 1-2 oy juda ko‘p. Iqtisodiyotning yarmi ishlayotgan bo‘lsa ham yilning bir oyini yo‘qotdik. Iqtisodiyot tanazzuli davom etishini hisobga olib, taxmin qilamizki, bu jahon YaIMning 10 foizi. Bu juda ko‘p. Bu so‘nggi vaqtlardagi eng yirik inqirozlardan biri.

Inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘radigan sohalar qaysilar?

Turizm, transport, mehmonxona tarmoqlari – eng katta zarar ko‘radigan asosiy tarmoqlar. Bu uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar ishlab chiqaradigan tarmoqlar. Inqiroz vaqtida odamlar birinchi navbatda joriy iste'molga e'tibor qaratishadi. Bu – oziq-ovqat mahsulotlari, arzon kiyim-kechak, asosan shu narsalarga pul sarf qilinadi. O‘z-o‘zidan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar iste'moli qisqaradi.  

Qaysi sohani saqlab qolish, qaysisini bankrot qilishni ehtimol bozorning o‘ziga qo‘yib bergan ma'quldir?

Raqobat – qo‘rqinchli kuch. Biroq u iqtisodiyoni raqbatbardosh bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilardan tozalaydi. Uning asosiy ijobiy jihati ham shunda. Joriy vaziyatda ayrim sohalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, boshqa sohalarini qo‘llab-quvvatlashga esa qurbimiz yetmaydi, deyish butunlay noto‘g‘ri. Gap butun tarmoq haqida ketar ekan, bu raqobat kuchi emas. Bu tarmoqqa ta'sir ko‘rsatgan favqulodda holat. Ko‘p sohalarda korxonalar yopilib, yo‘q bo‘lib ketsa, keyin bu tarmoqni rivojlantirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun men bu yerda u qadar keskin bo‘lmasdim. Agar ko‘mak ko‘rsatiladigan bo‘lsa, korxonalarga bevosita yordam ko‘rsatish emas, ayrim tarmoqlar uchun muayyan davr mobaynida soliq ta'tillari, ayrim soliqlarni bekor qilish orqali yordam berish kerak. Alohida korxonalarning qo‘llab-quvvatlanishi katta muammolarga olib keladi.

Top