07:46 / 13.04.2020
9796

Buxoro viloyatida ekoturistik plyaj zonasi qurilishiga start berildi

Loyihaning umumiy qiymati 3 mlrd so‘mni tashkil etib, uning faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yana 150 nafar ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan

Foto: Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati

Buxoro viloyati To‘dako‘l suv havzasi hududida joylashgan yozgi dam olish maskanida yangi ekoturizm hududi tashkil etilib, plyaj zonasi yaratilishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda 15 gektar maydondan iborat bo‘lgan mazkur hudud bo‘ylab yozgi dam olish sayyohlik maskanini barpo etish ishlari olib borilmoqda.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati

“Jahon andozalariga javob bera oladigan yozgi dam olish maskani loyihasining umumiy qiymati 3 mlrd so‘mni tashkil etib, uning faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida yana 150 nafar ish o‘rni yaratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, ushbu sayyohlik obekti plyaj, basseyn, akvapark, mini Disneylend, 50 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, dam olish ayvonlari, restoran, yozgi terassa, Spa salon, tabiat qo‘ynidagi o‘yingoh, tibbiyot burchagi, sog‘lomlashtirish maskani, sport o‘yingohi, avtoturargoh va maxsus suv transportlari kabi qator qo‘shimcha xizmatlarni o‘z ichiga olib, bunda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq osmon ostida o‘tkaziladigan bir-biridan qiziqarli konsert va shou dasturlari ayni muddao bo‘lishi shubhasiz”, - deyiladi xabarda.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi axborot xizmati

Ta'kidlanishicha, 7 ming tup manzarali daraxtlar ekish mo‘ljallangan hududda hozirga qadar 3 ming tup ko‘chatlar o‘rnatilgan va plyaj obekti bo‘ylab tabiiy chim-maysalar yotqizilgan.

Top