18:16 / 13.04.2020
6237
JSST koronavirus infeksiyasini yuqtirib, keyin sog‘aygan odamlarda kasallik qaytalanish haqida bir to‘xtamga kelgani yo‘q – Bahrom Almatov

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus infeksiyasini yuqtirib, keyin sog‘aygan odamlarda kasallik qaytalanishi haqida yakuniy to‘xtamga kelmaganini ta'kidladi.

Foto: KUN.UZ

Almatovning aytishicha, ayrim davlatlarda kuzatilgan qayta yuqtirish holatlari bemorlarga to‘liq tuzalmasdan uyga javob berilgani bilan bog‘liqdir.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xabarlariga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib, keyin sog‘aygan odamlarda kasallik qaytalanishi haqida ma'lumotlar yo‘q. Lekin Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya mutaxassislari bilan olib borgan suhbatlarimizdan ma'lum bo‘lishicha, ular kasallikdan tuzalgach, uyga javob berilgan bemorlarda kasallik qaytalanganini kuzatishgan. Biroq Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya mutaxassislarining aytishicha, sog‘aygani aytilgan bemorlar virusdan to‘liq xoli bo‘lmasdan turib uyga javob berilgani tan olingan. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari koronavirusga chalinib tuzalgan bemorlarda kasallik qaytalanishi haqida oxirgi to‘xtamga kelgani yo‘q. Shuning uchun bu masalaga izlanishlar, tadqiqotlar natijasida javob berilishi mumkin”, deya Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassis kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari hamda har bir kasallik o‘chog‘ida epidemiya chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar kunu tun davom ettirilayotgani, bu ishga jalb etilgan mutasaddi vazirlik va idoralarning vakillari tomonidan chora-tadbirlar muvofiqlashtirib borilayotgani samara berayotganini ta'kidladi.

“Epidemiologiya qonuniyatiga ko‘ra boshqa davlatlarda kuzatilayotgan kasallanish dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, virus yuqib-tarqalib o‘sishi davom etadi. Har bir davlat tibbiyotining oldida turgan masala –kasallanishning oldini olish, kasallanganlar soni keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, kasallikning og‘ir o‘tishiga hamda bunda o‘lim holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni tizimli o‘tkazish. Bu borada hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda desak xato qilmaymiz. Chunki kasallikning o‘sishi asosan uyushgan jamoalarda, xorijdan olib kelingan fuqarolarimizda qayd etilyapti. Ularni erta aniqlash hamda kasallikning dastlabki kunlarida davolash natijasida ularning og‘ir kechishi oldi olish bo‘yicha ijobiy samaralarga erishilmoqda.

Bugungi kunda barcha karantin zonalarimizda aholining xavfli guruhlari ichida laboratoriya tekshiruvlarini kuchaytirganmiz. Kuniga sakkiz mingdan ortiq tekshirishlar asosida kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan kontingent o‘rganib chiqilmoqda hamda ularning ichida kasallikni yuqtirganlar aniqlanib, davolashga yo‘naltirilmoqda.

Epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan jami 80 mingdan ortiq fuqaroning salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom ettirilmoqda. Ulardan 57600 nafari uy sharoitida, 22800 nafari statsionar sharoitdagi karantin maskanlarida nazoratga olingan. Karantin muassasalariga malakali epidemiologlar, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun infeksionistlar, terapevtlar hamda dezinfektorlar jalb etilgan”, deydi Bahrom Almatov.

Avvalroq Janubiy Koreyada koronavirusdan tuzalgan 91 kishi uni qayta yuqtirib olgani haqida xabar berilgandi. Janubiy koreyalik olimlar koronavirusni qayta yuqtirish ehtimoli juda kamligini aytishgan, shu bilan birga, kasallikdan sog‘ayganlar tanasida «qayta faollashishi» mumkinligini taxmin qilishgan, bunga takroriy virus aniqlangan bemorlar bilan o‘tkazilgan o‘rganishlardan so‘ng oydinlik kiritilishi bildirilgan edi.

RA Capital Management Boston investitsion firmasi ta'sischilaridan biri va rahbari, virusolog Piter Kolchinskiy o‘z tvitterida koronavirus bir kishiga qayta yuqishini shubha ostiga olgandi.

Ispaniya milliy biotexnologiya markazining virusologi Luis Enhuanesning BBC’ga aytishicha, koronavirusdan davolangan bemorlarning kamida 14 foizida qayta o‘tkazilgan tahlillardan keyin ham virus aniqlangan. Uning fikriga ko‘ra, gap virusni qayta yuqtirish haqida emas, balki allaqachon kasallikdan tuzalgan odamning tanasida virusning qayta ko‘payishi haqida ketmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top