22:52 / 13.04.2020
32894
Namanganda bankir koronavirusga chalingani haqidagi xabar asossiz bo‘lib chiqdi. Bu haqda xabar tarqatgan ichki ishlar xodimi ishdan bo‘shatildi

Namangan viloyatida ichki ishlar organlarida xizmat qiluvchi xodim messenjer orqali asossiz, aholi o‘rtasida vahima keltirib chiqaradigan xabar jo‘natgani uchun vazifasidan ozod qilindi.

Foto: Skrinshot

Bu haqda Namangan IIB Axborot xizmati xabar qilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, ichki ishlar xodimining ko‘pchilikda salbiy fikr va e'tirozlar uyg‘otgan videotasviri internet tarmoqlarida 12 aprel kuni tarqalgan.

Foto: Skrinshot

 «Namangan viloyati IIB O‘XB tomonidan mazkur holatni o‘rganish mobaynida aniqlanishicha, 11 aprel kuni Namangan shahri «Xalq banki»da ishlovchi xodimlardan biri koronavirus pandemiyasi bo‘yicha topshirgan tahlil natijalariga ko‘ra, unda mazkur virus alomatlari bor deya gumon qilingan.

Bank xodimi 1 apreldan 11 aprelga qadar Namangan shahrining oltita mahallasida istiqomat qiluvchi pensionerlarga pul tarqatganligi bois, mazkur hududlarda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida shahar IIO FMB xodimlaridan iborat 6ta guruh tuzilib, pensiya olgan fuqarolarni xonadonlarini karantin nazoratiga olish, ularga tushuntirish ishlari olib borish bo‘yicha amaliy ish tashkil etilgan.

Ushbu tadbirga jalb etilgan Namangan shahar bo‘yicha IIO FMB 4-son IIB xodimi o‘zi biriktirilgan shtabda tibbiy kiyim va tibbiy niqobda turgan holatda o‘zini guruh a'zolari bilan birga videotasvirga olgan. U Namangan viloyati hududida karantin holati e'lon qilinganligini bila turib, tasvirda aholi orasida vahima chiqaruvchi hamda bank xodimiga nisbatan obro‘sizlantiruvchi va asossiz ma'lumotlardan iborat 39 soniyali videotasvirni Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali o‘z tanishiga yuborgan.

Aniqlangan holat yuzasidan viloyat IIB O‘HB tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, ushbu xodim «Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablarining 144-bandi «i», «k» kichik bandlariga muvofiq xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi hamda ichki ishlar organi xodimining sha'niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi uchun IIO xizmatidan bo‘shatilgan», — deyiladi Namangan viloyat IIB axborot xizmatining xabarnomasida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top