08:07 / 13.04.2020
113122

Nyu-Yorkda koronavirus yuqtirgan o‘zbek oilasi: «Bu biz uchun juda katta sinov bo‘ldi»

AQShda Nyu-York shtati koronavirus o‘chog‘i bo‘lib turibdi. O‘zbekistonlik migrantlarning aksariyati shu shaharda yashashadi. Ularning uch nafari vafot etgani ham ma'lum qilingan edi.

«Amerika ovozi» radiostansiyasi AQShning Nyu-York shahrida koronavirus yuqtirgan o‘zbek oilasi bilan intervyu uyushtirdi. Hamsuhbat — Navoiy viloyatining Zarafshon shahridan Amerikaga borganiga 6 yil bo‘lgan Mehriniso Ergasheva. U 22 yildan buyon AQShda yashayotgan turmush o‘rtog‘i va 4 nafar farzandi bilan istiqomat qiladi.

Mehriniso Ergasheva

 — Virusga qanday qilib chalinganimni aniq bilmayman. Lekin ishim yuzasidan juda katta oqimdagi odamlar bilan gaplashamiz. To‘g‘ri, to‘liq rioya qilish qiyin, lekin doimo gigiyenaga rioya qilgan bo‘lsam ham yuqdi. Balkim mijozlarimizdan yuqqandir, turli uchrashuvlar o‘tkazib turamiz, o‘sha yerda kasallikka chalingandirman.

Bu voqea mart oyining oxirlarida sodir bo‘ldi. Chunki 20 martdan boshlab koronavirus masalasiga sal-pal qiziqishim uyg‘ondi, ungacha e'tibor bermaganman, maska taqmaganman. Balki shu sabab bo‘lgandir. Rezina qo‘lqop kiyib yurganman. Nima bo‘lganda ham, 25 martlardan boshlab o‘zimni yomon his qila boshladim.

— Qandaydir ma'noda siz o‘z beparvoligingiz ortidan virusni yuqtirganingizni tan olasiz, to‘g‘rimi?

— Uyga kirganimda gigiyena qoidalariga rioya qilganman. Lekin ko‘chaga chiqqanimda maska taqmaganman. Buni u qadar muhim deb o‘ylamaganman. Chunki faqat kasal odam maska taqib yurishi kerak, degan axborotni o‘qigan edim. Shu sabab sog‘lom odam maskasiz yuraversa bo‘ladi, deb o‘ylaganman.

— Kasallik alomatlari sizda qanday bo‘y ko‘rsatdi? Koronavirus infeksiyasiga chalinganingizni qanday bildingiz?

— Boshida bu kasalga chalinganimga umuman ishonmaganman. 25 mart kuni tomog‘im qichishishni boshladi. Bu ikki kun davom etdi, so‘ngra burnim oqa boshladi. Avvaliga shunchaki shamolladim, deb o‘yladim. Uchinchi kuni butun tanam og‘rishni boshladi. Bu kasal hammada har xil kechar ekan. Chunki keyinroq — kasalligim davrida rolik qilib tarqatganimdan so‘ng odamlar menga yoza boshlashdi: turli odamlarda turlicha kechishi oshkor bo‘ldi. Lekin bitta umumiy jihati bor edi: yoki tomoq qichiydi, yoki yo‘tal bo‘ladi, yoki a'zoi badan qaqshab og‘riydi. Umurtqa pog‘onasi yuqoridan pastgacha, oyoq osti va tizzalar qaqshaydi.

— Ayrimlar hid sezmasligini, ayrimlarda ich ketishi qayd etilgan…

— Bu keyinroq. Avval badaningiz og‘riydi, haroratingiz ko‘tariladi. Kimlardadir harorat ko‘tarilishi bir kun davom etar ekan, menda shunday bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im uch kun isitmaladi. Badanning qaqshashi o‘tib ketgach, sal-pal o‘zingizga kelasiz. Yo‘tal tuta boshlaydi. Yo‘tal boshlangach, hid sezish qobiliyati yo‘qoladi.

Turmush o‘rtog‘im hozir umuman hid sezmayapti, ovqatning ta'mini ham bilmaydi. Mening hid sezishim biroz tiklangan, lekin isiriq va shunga o‘xshash o‘tkir hidlarni sezyapman, xolos. Masalan, chaqalog‘imni qo‘limga olganda hidlashga harakat qilaman, lekin sezmayman.

— Keyin nima qildingiz?

— Birinchi navbatda tomog‘im qichib, burnim oqishni boshlaganida men buni yengil shamollashga yo‘ydim. Shu sabab Teraflyu ichdim. Uchinchi kunga kelib badanim og‘rib, yotib qolganimdan so‘ng Iboprufen ichgan edim. Kompaniyamdagi shifokorga telefon qilib maslahat solganimda C vitaminini ko‘proq dozada ichgin, deb tavsiya berdi. Bir soat davomida 15tasini biryo‘la ichdim. Men shunchaki unga ishonganim uchun qildim. Boshqalarga buni maslahat bermayman.

Haroratim biroz tushganidan so‘ng oilaviy vrachimizga qo‘ng‘iroq qildim. U men bilan gaplashib, yuzma-yuz intervyu o‘tkazdi. U bosqichma-bosqich masofadan onlayn ravishda meni tekshirdi. Shundan keyin u menga «sening ovozing yoqmayapti» dedi. Chunki tomoqlarimda xirillash paydo bo‘lgan edi. Shu vaqtda ham hali koronavirus yuqtirib olganimni bilmagan edim.

U darhol ikki dozada antibiotik yozib berdi. O‘sha kuni qornimning pasti, chov sohalarim qattiq og‘ridi. Dushanba kuni ginekolog huzuriga bordim. U alomatlarni ko‘rib darhol aytdiki, bu — COVID-19! O‘sha yerda ham oxirigacha shamollaganman deb bahslashganman. Garchi COVID-19 alomatlari qanday bo‘lishi haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lmasam-da! U «mayli, unda sizga test qilib beraman», dedi.

Dushanba kuni testga tahlil topshirgan bo‘lsam, umuman shu kuni uxlolmay, yig‘lab chiqqanman. Tushkunlikka tushdim. Butun dunyoda gapirilayotgan narsa kelib-kelib menga yopishganini hazm qila olmayotgan edim. Ochig‘i, sira kutmagan edim. Turmush o‘rtog‘im meni yupatdi: «Bu o‘tib ketadi, bilaman, juda kuchli ayolsan, tuzalib ketasan».

Seshanba kuni tushlarda telefon qilib «natija musbat» deb aytishdi. Yanada sarosimalanib, battar qo‘rqib ketdim… So‘ngra o‘zimga keldim, bu ham bir sinov ekanini, shu narsani ham boshdan kechirishim kerakligini angladim. 

— Keyin oilaviy test topshirdingizmi?

— Shu kuni kechqurun oilaviy vrachimizga telefon qilib gaplashganimda, u «oilang bilan test topshirishingning foydasi yo‘q, chunki ularning barchasiga yuqtirib bo‘lgansan», dedi.

— Xo‘jayiningiz sizni ayblamadimi?

— Yo‘q, turmush o‘rtog‘im hech qachon bunday demaydi. Shunchaki, «shoshilinch vaziyatda nimalar qilishimiz zarurligini shifokordan so‘rab qo‘y», dedi. Uyda maska-qo‘lqop kiyib yurdik, bolalarimizga yuqtirmaslikka harakat qildik. Biroq, chorshanba kuni xo‘jayinimning boshi og‘rishni boshladi. Keyingi kunlar davomida tanasi og‘rib, harorati ko‘tarilib ketdi.

— Bolalarda alomatlar qachon paydo bo‘la boshladi?

— Bolalarning kasal bo‘lishi har bir ota-ona uchun eng qiyin voqea bo‘lsa kerak. Odam o‘zi kasal bo‘lsa tishini tishiga qo‘yib chidaydi, lekin bolalari kasal bo‘lsa, chidash qiyin ekan.

To‘rt farzandimdan birinchi o‘g‘limda boshlandi. Uning burni kuchli oqa boshladi. Uch kun davom etdi. Terapevt, pediatr, nevropatolog va nutritsolog bilan doimiy aloqada bo‘lib turdik. Ularning maslahatini olib, o‘zim xulosa chiqarib, bolalarimga qaraganman. Olti oylik emizikli bolam uchun juda qo‘rqqanman. Qo‘rqqanimdek chaqalog‘imda kasallik og‘ir o‘tdi.

— Hozir bolalaringizning ahvoli qanday?

— Bugun chaqalog‘im ancha yaxshi. Harorati tushgan. Katta qizimda uchinchi kun. O‘g‘lim ikki kun avval o‘ziga keldi.

Bolalarda birinchi alomati — ko‘zlari qizarib ketadi. Burnining atrofi ham qizaradi. Burni oqadi. Doimiy ravishda yo‘taladi. 9 yoshli katta qizimning ikki kun mobaynida doim boshi og‘rib turdi. Bergan narsam — juda ko‘p vitaminlar, antibiotik, suv, zanjabil (imbir) chaynab yeyish va bilan limonli choyni ichishni buyurdim.

— Oilada 6 kishisizlar. Agar hamma birdaniga kasal bo‘lib qolsa, oziq-ovqatlar keltirish, bolalarga qarash qiyin bo‘lsa kerak?

— Ha, juda qiyin. Chunki o‘zingiz holsizsiz, dam olaman desangiz ish qolib ketadi. Turmush o‘rtog‘ingiz ham holsiz…

— Tashqaridan ham yordam kutish qiyin…

— Yo‘q, tashqaridan yordam kelib turdi. Xo‘jayinim 20 yildan ortiq davr mobaynida Amerikada yashagani uchun tanishlari ham, qarindoshlari ham juda ko‘p. Telefon orqali doimiy dalda berib turishdi.

Nima kerak bo‘lsa telefon orqali supermarketlarga buyurtma qilamiz, o‘rtoqlari ham eshikning tagigacha opkelib berib turishdi.

— Alohida uyda turar ekansizlar. Qo‘shnilar xabar topdimi?

— Bilmadim. Tashqariga chiqqanimiz ham yo‘q, hech kim bilan gaplashmadik ham. O‘sha kundan boshlab uyni tark etmadik. Bir marta xo‘jayinim bolalarni sayrga olib chiqdi. Nutritsologimiz bunday qilmaslikni tavsiya berdi.

Har kuni ertalab va kechqurun uxlashdan avval derazalarni ochib, uyning havosini yangilab, dezinfeksiya qilib turdik. Ko‘chada toza havodan nafas olishni istasak, faqat men yoki xo‘jayinim uyning atrofiga 15 daqiqaga kechasi, atrofda odam yo‘q paytda chiqib turdik.

— Siz va oilangiz kasal bo‘lgan kundan boshlab biror marta kasalxonaga murojaat qilmadingizmi?

— Qildim. Ahvolim og‘irlashgan kuni «tez yordam» xizmatiga qo‘ng‘iroq qildim. Ular aytdiki, birinchidan, nafasingiz qisilmayapti, sizga o‘pkani sun'iy shamollatish apparati zarur emas. Shu sababli, uyda qolib davolanganingiz ma'qul, nima maslahat kerak bo‘lsa terapevtingizdan oling, deyishdi. Chunki u yerda ahvolingiz yanada og‘irlashadi, chunki joy yo‘q, joy bo‘lgani bilan sizga hech kim qaramaydi, kasallar juda ko‘p, yaxshisi bolalaringizga qarang, deyishdi.

— Ya'ni, faqat og‘ir ahvoldagilarni kasalxonaga qabul qilishmoqda?

— Ha, ahvoli o‘ta og‘irlashganlarni kasalxonaga yotqizishar ekan. Ularning aytishicha, men o‘sha paytda 38 daraja harorat bilan og‘ir ahvolda emas edim. Demak, mendan ham ahvoli og‘ir odamlar shifoxonaga borgan.

— Sizda va oilangizda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng sizlarni qandaydir ro‘yxatga kiritishdimi?

— Unisini bilmadim. Shunisi aniqki, oilaviy vrachimiz telefonda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Qandaydir hujjatlarni menga jo‘natgan, ammo ro‘yxatga qo‘yish haqida axborotga ega emasman.

— Uyda qancha muddat davolanishingiz kerak va qachon to‘liq sog‘ayganingizni bilasiz? Ya'ni, qo‘shimcha qandaydir testlar bo‘ladimi?

— Shifokorim ikki hafta uyda karantinda turasizlar, degan. 10 aprelda menga 2 hafta bo‘ldi. 15 aprelda qayta test topshiraman. Mendan keyin xo‘jayinim topshiradi. Pediatr bolalardan test olmasligini aytdi, chunki ular kasallikni yengil formada o‘tkazar ekan. Agar ota-ona toza chiqsa, bolalardan olish shart emas ekan.

Men do‘stlarimdan juda minnatdorman. Ular bizga shunchalik yaqin ekanki, barchasi telefonda hol-ahvol so‘rab, dalda berib turishdi. Elementar sut, non kabi mahsulotlarni eshigimizning tagigacha yetkazib berib turishdi. Oilamiz boshiga tashvish tushganda insonlarning mehr bilan qo‘llab-quvvatlab turganidan juda xursand bo‘ldim (ko‘z yoshlarini artib).

— Sizga o‘xshab mana shu dardga mubtalo bo‘lgan yoki o‘zini yomon his qilayotgan odamlarga, hatto sog‘lom odamlarga ham virus yuqtirmasligi uchun qandaydir tavsiyalar bera olasizmi?

— Bu narsalarni men ham bilmas edim. O‘z boshimga tushgach, so‘rab-surishtirishni boshladim va bu oddiy virus emasligini tushundim.

Sog‘lom odamlarga aytadigan birinchi gapim: tashqarishga chiqmaslikka harakat qilinglar. Bu — eng asosiy maslahat. Har doim sochingizni yig‘ishtirib yuring. Aniqlanishicha, bu virus sochda 5 soatdan ko‘proq vaqt mobaynida yashaydi. Kiyim-kechakka ham o‘tirib qolishi mumkin. Virus ochiq havoda yarim soat turar ekan.

Uyga ko‘chada foydalanilgan kiyim-kechaklarni, poyabzalning ostki qismini sprey bilan dezinfeksiya qilib, tozalanib kirish kerak.

Kasallik davrimda rolik chiqarganimdan so‘ng yuzga yaqin insonlarga kimga uchrashish, qayerda test topshirish kabilar bo‘yicha o‘z maslahatimni berdim.

Odam o‘z organizmiga quloq solib, uyda davolanish mobaynida taom va dori-darmonlar iste'mol qilishda shifokori bilan maslahatlashishi shart.

— Hozir sizda koronavirusga qarshi immunitet paydo bo‘lganmi?

— Oilaviy vrachimning aytishicha, 12-14 kun ichida organizm virusni yenggach, virusga qarshi antitanachalar paydo bo‘ladi, ammo bu qaytib kasal bo‘lmasligingizni bildirmas ekan.

— Mehriniso, mana shu kasallik sizga hayotga, dunyoga boshqacha nigoh bilan qarash imkonini berdimi?

— Albatta, bu pandemiya butun dunyoga boshqacha turtki berdi. Bilmadim, boshqa shtatlarda qanday, lekin Nyu-Yorkda hayot o‘ta shiddatli. So‘nggi paytlarda o‘zimga o‘zim «qachon uyda uch kuncha bemalol dam oladigan kunim bo‘lar ekan-a?» deb ko‘p aytar edim. Chunki bolam bilan uyda o‘tirsam ham, katta farzandlarimni tez-tez kiyintirib, yedirib, qayoqqadir jo‘natib, shoshilinch tarzda hayotimiz tez o‘tib bormoqda edi.

Bir hafta uyda davolanganimizdan so‘ng xo‘jayinim ham odatga ko‘ra «tezroq uxlanglar, tezroq yenglar» degan so‘zlarni ishlatardi. Shunda men «Tez, deganimiz bilan qayerga shoshilamiz, boradigan joyimiz yo‘q-ku? Mana shu «tez» so‘zi eng yomon so‘z ekan. Biz hayotimizni o‘zimiz tezlashtirib yubordik», dedim.

Aslida, odam o‘tirib o‘ylashi kerak: nimalar qildim, hayotda nimalarga erishdim, bundan so‘ng nimalar qilishim kerak? Qayerga borsangiz ham, nimalar qilsangiz ham, qancha pul topishingizdan qat'i nazar, sizni asraydigan, sizni quchoq ochib kutib oluvchilar bu sizning oilangiz, uyingiz ekan.

Alloh hammani uyiga kirishga majbur qilib, insonlarni o‘z hayoti haqida mushohada qilishga undadi, deb o‘ylayman. Biz avval qanday yashagan edik, endi qanday yashamoqchimiz, o‘sha eski hayot kerakmi bizlarga?

Bir tomondan, bu — oila uchun juda katta sinov. Chunki ish bilan bo‘lib er-xotin bir-biri bilan gaplashishga, bolalarni to‘g‘ri tarbiya qilishga vaqt topa olmaydi.

Birinchi o‘n kunda bizga ham qiyin bo‘lgan: ishga bormaysiz, hech qayerga shoshilmaysiz, doim uyda, to‘rt bola bilan — osonmas. Turmush qurganimizga 10 yil bo‘ldi. Bu biz uchun juda katta sinov bo‘ldi. Farzandlar katta bo‘lib o‘z hayotini qurib ketadi. Odam o‘z uyi, o‘z turmush o‘rtog‘i bilan qoladi. Shuning uchun er-xotin bir-birini tushunishga harakat qilishi kerak.

Odil Ro‘zaliyev suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top