22:11 / 13.04.2020
23836
Pensiyani plastik kartochkaga ko‘chirish masalasi: Sabablar, oqibatlar va muammolar

Koronavirusning naqd pullar orqali ham yuqishi mumkinligi, pensiya yoshidagilarning COVID-19 kasalligini birmuncha og‘ir kechirishi sababli pensiyalarni karantin sharoitida to‘liq plastik kartochka orqali tarqatish takliflari yangray boshladi.

Hamkasbim Abror Zohidov bir muddat avval profilaktika choralari, oldingidek ko‘pchilik to‘planishining, navbatlarning oldini olish, keksalarni ovora qilmaslik maqsadida pensiyalarni vaqtincha plastik kartochkalarga o‘tkazib turish kerakligi haqida maqola ham yozib chiqdi.

Bu maqolada esa plastik kartochkaning texnik taraflariga ko‘proq to‘xtaldik.

Naqd pulning nimasi zararli?

Bugun 65 yoshdan oshganlardan «o‘zini yakkalash» hayot tarziga qat'iy amal qilish so‘ralmoqda. Biroq, pensionerlarga naqd puldagi pensiyalar bank xodimlari tomonidan bevosita kontakt orqali berilmoqda.

Pul o‘zi dunyodagi eng iflos narsa. Naqd pulda nafaqat koronavirus, boshqa kasalliklarni qo‘zg‘ovchi bakteriya va mikroblar ham istagancha topiladi. Qolaversa, koronavirus ko‘zga ko‘rinmas narsa bo‘lsa, pul tarqatayotgan bank xodimi tasodifan virus ilashtirib olib, qariyalarga yuqtirib qo‘yishi hech gap emas.

Shu sababli, umrini yashab, salomatligidan putur ketgan keksa otaxon-u onaxonlarimizni turli balolardan asrash uchun plastik kartochkaga o‘tish eng jo‘yali chora bo‘lib turibdi.

Biroq…

Bu sohada muammolar bor

Qanday muammolar? Birinchidan, qariyalarimizning barchasi ham plastik kartochkalarni ishlatishni bilishmaydi. Ikkinchidan, uzoq tumanlarda barcha joylarda ham plastik kartochka bilan savdo qiluvchi terminallar, naqd pul chiqarib beruvchi bankomatlar yetishmaydi.

Qolaversa, bu borada uzoq tumanlarda yashovchi har qanday kishini o‘ylantiruvchi yana bir dilemma borki, uni alohida tilga olmasdan iloj yo‘q.

Xo‘p, pensiyalar yoppa plastik kartochkaga o‘tsin, ham deylik. Qaysi tizimdagi plastik kartochkalar tarqatiladi?

UzCard’mi yoki Humo?

Bu savolni bejiz qo‘ymayapmiz. Chunki bizga kelayotgan ko‘plab murojaatlardan ayon bo‘lib turibdiki, joylarda kimlarningdir og‘zaki buyruq va ko‘rsatmalari bilan budjet tashkilotlarining risoladagidek ishlatib yurilgan UzCard plastik kartochkalarini yoppasiga Humo’ga almashtirish boshlangan.

Hozir kimdir vaziyatdan foydalanib, pensionerlarga muammo yaratib, barchasini bir deganda Humo’ga o‘tkazib, «qo‘lini isitib» qolmasmikan, degan hadik ham bor.

Humo kartochkalari o‘zining zamonaviyroqligi bilan katta shaharlarda, xorijga borib-kelib yuruvchilar uchun ko‘plab qulayliklar yaratayotgandir. Lekin pensiyasiga asosan ro‘zg‘or uchun oziq-ovqat, kommunal to‘lov-u dori-darmonlar xarid qilib yuruvchilarga bu dahmazalar ortiqcha, albatta.

Uzoq qishloq tumanlarida Humo bankomatlari yo‘q (bankomatlar xaritasi), hattoki do‘konlarda terminallar yetishmasligi, borlarida ham 4-5 foizgacha ustama yechib olinayotgani haqida xabarlar kelib turibdi.

Humo’dan farqli o‘laroq UzCard 15 yildan buyon infrastrukturani joyiga qo‘yib oldi, barcha joyda birdek foydalanilmoqda. Mobil ilovalari ko‘p, offlayn rejimda ham ishlaydi, pensionerlarga tanish, xullas, ishlatishga juda qulay.

G‘olib qanday aniqlanadi?

Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan tender tanlovlari o‘tkazish yo‘li bilan.

Har ikki kompaniya o‘z takliflarini tayyorlaydi. Nomzodlar tenderga oylik aylanmasi, nechta hamkor banklari borligi, qancha tranzaksiyalar o‘tgani, respublika bo‘ylab qancha terminal, ayirboshlash shoxobchalari va bankomatlari borligini, qaysi xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashganini ko‘rsatib o‘tadi.

Pensiya jamg‘armasi pensionerlar manfaatlarini ko‘zlagan holda ulardan afzalrog‘ini tanlaydi. Tabiiyki, nomzodlardan qay birida infratuzilma kuchli ekanligi, birinchi navbatda ojizroq, viloyatlardagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan qo‘li kaltaroq qatlam bo‘lgan — millionlab pensionerlarga qulayroq bo‘lishi bosh mezon bo‘lishi kerak.

Pensionerlar uchun qulay tariflar

Umuman, pensionerlar uchun alohida plastik kartalar — pensiya plastik kartochkalari yaratish kerak. Bunday plastik kartalar istalgan bank tomonidan tekin taqdim etilishi lozim (Kerak bo‘lsa, banklar o‘rtasida ham tender o‘tkazilgan holda).

To‘lov tizimi bunday kartochkalarga xizmat ko‘rsatish foizini nolga tushirishi yoki eng ko‘pi bilan har bir operatsiyadan 0,05 foiz (100 000 so‘mdan 50 so‘m) darajada belgilashi kerak.

Ya'ni, pensiya plastik kartochkalaridan boshqa kartalarga pul o‘tkazishda hamda o‘z banki bankomatlaridan naqd pul olinganida xizmat haqi olinmasligi, boshqa bank bankomatidan foydalanilganda 0,05 foiz xizmat haqi olinadigan qilinishi lozim.

To‘lov tizimlari va banklar o‘rtasida o‘tkaziladigan tenderlarda mana shu shartlar ham qo‘yilishi kerak.

Shundagina bu o‘zgarishlardan to‘lov tizimi ham, pensiya jamg‘armasi ham, banklar ham, pensionerlar ham yutadi.

Albatta, bu — ideal sharoitda bemalol qilinadigan ishlar. Hozirgi qat'iy karantin sharoitida ishlarni shoshilinch ravishda tezlashtirish kerak bo‘ladi.

Mutaxassis bankir fikri

Bu borada respublikamizdagi banklardan birida ishlovchi mutaxassis fikrlari bilan qiziqdik.

«Markaziy bank farmoyishi bilan 24 martdan buyon naqd pullar tarqatilishidan avval 14 kun mobaynida omborxonalarda karantinda saqlanmoqda. Bilishimcha, pensionerlarga tarqatish oldidan pullar termik va ultrabinafsha nurlar bilan qayta ishlanadi, mikrob va bakteriyalari o‘ldiriladi.

O‘zi, 2017 yil fevralgacha pensionerlar pensiyalarini to‘liq plastik kartochkalarda olishar edi. 2017 yilgacha pensiyaga chiqqan barcha pensionerlarda plastik kartochkalar bor. Mabodo muddati o‘tgan bo‘lsa avtomatik ravishda uni yana 5 yilga uzaytirish mumkin.

Kartani chiqargan banklarda pensionerlar to‘g‘risida ma'lumotlar saqlanib turibdi. Hujjatlarga yana bir marta qariyalarni yugurtirishga hojat yo‘q.

Qolaversa, mening fikrimcha, karantin chog‘ida pensiyalarni plastik kartochkaga zudlik bilan o‘tkazish ishlari ma'lum bir qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Chunki bu bir oyda bitadigan ish emas. Bank xodimi har bir pensionerning oldiga kirib chiqishi kerak. Yoki pensionerlarning aksariyati «Xalq banki»ga borishga majbur bo‘ladi. Holbuki, ularga uydan chiqish mumkin emas.

Hozir banklarda uyma-uy yurib, ma'lumot to‘plab chiqishga xodimlar ham yetishmaydi. Chunki karantin chog‘ida bank xodimlarining yarmi majburiy ta'tilga chiqarib yuborilgan.

Bu ishni yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, amalga oshirish kerak», — deydi ekspert bankir.

Xulosa o‘rnida

Plastik kartochka orqali xizmat ko‘rsatish sohasida mavjud muammo va kamchiliklar, imkoniyatlar borasida qisqacha tasavvurga ega bo‘ldingiz. Nima bo‘lganda ham, bu borada yetti o‘lchab, bir kesgan holda, «pandora yashigining qopqog‘i»ni ochib yuboradigan darajada shoshilinch qaror chiqarmasdan ishlashga to‘g‘ri keladi.

Mutasaddilarimizdan esa qariya pensionerlarimizning manfaatlari toptalmaydigan tarzda, aql bilan ish ko‘rish talab etiladi.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Top