14:20 / 13.04.2020
8461
Shavkat Mirziyoyev Mun Je In bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston prezidenti pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun Mun Je Inga samimiy minnatdorlik bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 aprel kuni Koreya Respublikasi prezidenti Mun Je In bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bildirilishicha, suhbatda davlat rahbarlari an'anaviy do‘stona va samimiy ruhda ikki tomonlama alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy sohada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda ayrim mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlikni davom ettirish va sa'y-harakatlarni birlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun Mun Je Inga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Qayd etilishicha, mart oyining oxiridan O‘zbekistonda koreyalik professor – epidemiolog mutaxassis faol ishlamoqda, bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Shu oyda yana bir tajribali mutaxassis – anesteziolog-reanimatologning kelishi kutilmoqda. Fuqarolarni evakuatsiya qilish va zarur tibbiyot vositalari yetkazish uchun charter reyslar tashkil etildi.

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirishga hamda O‘zbekistonda Koreya tibbiyotining, shu jumladan karantin tadbirlarini tashkil etish, kasalliklarni aniqlash va davolash, reabilitatsiya tadbirlarini o‘tkazish, tibbiy kadrlar malakasini oshirish borasidagi ilg‘or tajribasini samarali joriy etishga qat'iy intilishlarini qayd etdilar.

Ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari va yetakchi tibbiyot markazlari o‘rtasida sa'y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish va tezkor hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Muloqotda prezidentlar mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va ilmiy-innovatsion hamkorlikda erishilgan sur'atlarni saqlab qolish masalalariga batafsil to‘xtaldilar.

Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalari hamda ushbu mamlakat Eksimbanki va «EDCF» jamg‘armasi ishtirokidagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarning amalga oshirilishi tahlil qilindi.

Savdo hajmi va qo‘shma korxonalar soni sezilarli darajada ortgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu ishbilarmon doiralarning o‘zaro qiziqishi kuchayib borayotganiga dalolat ekani haqida yakdil fikr bildirildi.

O‘tgan yil aprel oyida mamlakatga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish hamda Seulda bo‘lajak uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi hukumatlari darajasida faol muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish zarurligi ta'kidlandi.

Telefon muloqoti yakunida prezident Mun Je In Koreya Respublikasi birodar O‘zbekistonga bugun dolzarb bo‘lib turgan qiyinchiliklar va zamonaviy xatarlarni tez fursatlarda yengib o‘tishda barcha zarur yordam va ko‘makni ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi, deyiladi xabarda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top