22:32 / 13.04.2020
24967
SSV nima uchun hayvonlarga qo‘lqop bilan teginishni tavsiya qilib sms yuborayotganiga izoh berildi

Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatovning aytishicha, O‘zbekistonda koronavirusni keltirib chiqaruvchi ko‘rshapalaklar uchramaydi, biroq uy hayvonlari ham o‘rtadagi vosita bo‘lib qolishi mumkin.

“Koronavirus kasalligini keltirib chiqaruvchi tabiiy manba – bu ko‘rshapalaklar. Ko‘rshapalaklarning COVID-19’ni chaqiradigan turi O‘zbekiston hududida uchramaydi. Odamlarimiz ham ular bilan muloqotda bo‘lmaydi, lekin shu narsani yodda tutishimiz kerakki, uy hayvonlari ham o‘rtadagi vosita bo‘lib qolishi mumkin.

Qolaversa, uy hayvonlaridan juda ko‘p: exinokokkoz, iyersinioz, parazitar kasalliklar, gijja kasalliklari hamda yuqumli ichak kasalliklari yuqishi mumkin. Shu nuqtai nazardan SSV tomonidan fuqarolarning mobil telefonlariga yuborilayotgan xabarlar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etgan holda yashash tarzini joriy qilish bo‘yicha tavsiya hisoblanadi.

Shu o‘rinda bir narsani aytmoqchimanki, hozirgi karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, tayyorlash bilan shug‘ullanadigan umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. U yerlardagi qoldiq ovqatlarni yeb, yashab yurgan daydi hayvonlar ham ko‘chaga chiqib ketdi. Shu sababli aholi punktlarida daydi it-mushuklarning ko‘payish holatlari uchramoqda. Aholi yashash punktlaridagi epidemiologik vaziyatning barqarorligini ta'minlash ko‘p jihatdan fuqarolarimizning o‘ziga bog‘liq. Agar shunday daydi, qarovsiz qolgan hayvonlarni ko‘rishsa, bu haqda tumanlarda joylashgan it tutish brigadalariga zudlik bilan murojaat qilishlarini so‘raymiz. Chunki daydi hayvonlar, ayniqsa, itlardan o‘ta xavfli yuqumli kasallik – quturish kasalligi yuqishi mumkin”, deya Bahrom Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusning uy hayvonlariga yuqish-yuqmasligi borasida ma'lumot berib, uy hayvonlarida ham koronavirus alomatlariga o‘xshash kasalliklar uchrab turishi, lekin hozirga qadar COVID-19 odamlardan hayvonlarga, hayvonlardan odamlarga o‘tganini tasdiqlovchi hech qanday ma'lumot yo‘qligini aytgan edi.

Virusning asl tashuvchisi ko‘rshapalaklar bo‘lib, kemiruvchilar yoki boshqa ba'zi turdagi hayvonlar oraliq turdagi tashuvchi vazifasini bajargan bo‘lishi mumkinligi, Uhandagi hayvon bozori virus hayvonlardan odamga yuqqan hududga aylangani haqida fikrlar o‘rtaga tashlangandi.

Fevral oyida Xitoy hukumati COVID-19 xastaligini keltirib chiqaruvchi koronavirus epidemiyasining oldini olish maqsadida, yovvoyi hayvonlar go‘shtini sotish va yeyishni taqiqlagan, aprelga kelib it va mushuklarni yeyish taqiqlangandi.

Xitoylik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, mushuklarga koronavirus yuqishi mumkinligi aniqlangan. Ammo virusning mushukdan odamga yuqishi haqida tasdiqlangan ma'lumotlar yo‘q. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top