14:29 / 13.04.2020
11377

Toshkentda internet orqali pnevmatik to‘pponcha sotishga uringan shaxsga chora ko‘rildi

Toshkent shahar IIBB xodimlari internet tarmoqlari orqali noqonuniy tarzda pnevmatik to‘pponcha sotuvining oldini olishdi

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB xodimlarining e'tiborini Telegram guruhlardan birida pnevmatik qurol sotuvi taklifi o‘ziga tortdi, deb yozmoqda IIBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yil 9 aprel kuni e'lon muallifiga uchrashish taklif qilingan. U rozi bo‘lgan. Tez orada 35 yoshli S.R. Turkiyada ishlab chiqarilgan EKOL ES 66 rusumli travmatik to‘pponchani 200 AQSh dollari va 200 000 so‘m evaziga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan.
 
Suhbat davomida aniqlanishicha, S.R. Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan to‘rtta ov qurollari hamda Turkiyada ishlab chiqarilgan uchta travmatik to‘pponchalar uchun ruxsatga ega bo‘lgan. Dastlabki tekshiruv vaqtida qurol vaqtincha olib qo‘yildi.  

Tekshiruv natijalariga ko‘ra S.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54- (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”), 183- (“Mayda bezorilik”) va 194- (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) moddalariga muvofiq chora ko‘rildi.

Internet tarmog‘i orqali noqonuniy qurol sotish faktlarini aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Top