14:49 / 13.04.2020
7350
Virusli gepatit bilan kasallanganlarga dorilarni bepul ajratish taklif qilindi

Virusli gepatit bilan kasallangan bemorlarga dori vositalarini bepul ajratish taklif etilmoqda

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida virusli gepatit bilan kasallangan bemorlarga dori vositalarini bepul ajratilishi haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakat fuqarolarining virusli gepatit haqidagi ma'lumotlari juda ham kam, hatto, ayrim tibbiyot xodimlari ham virusli gepatitning davosi borligidan bexabar. Bu kasallik, asosan, yaxshi tozalanmagan tibbiy uskunalar orqali yuqadi. Qolaversa, boshqa turli yuqish yo‘llari, xususan, OITS infeksiyasi bilan bir xil holatlarda yuqadi. 

“Lekin virusli gepatit inson tanasidan tashqarida ancha uzoqroq yashaydi va uni yuqtirib olganlar ko‘pi bilan 10-15 yil umr ko‘rar ekan. Hattoki, ko‘pchilik xastalar o‘zining virusli gepatitdan kasallanganligini ham bilmay jigar tserrozi tashxisi bilan o‘lib ketmoqda. Vaholanki, bu kasallikni uch yoki olti oylik kurslar bilan to‘la davolashning imkoni bor.

Eng achinarlisi shundaki, virus yuqqanlar o‘zlari bilmagan holda bu kasallikni boshqalarga ham yuqtirib qo‘yishmoqda. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ushbu kasallik uchun dori vositalari budjet hisobidan bepul beriladi. O‘rtacha oylik bilan kun kechirayotgan fuqaro dori sotib olish u yoqda tursin, tibbiy qon tahlillarini amalga oshirishga xam qiynaladi. Chunki tahlillar juda qimmat turadi. Natijada esa kimningdir farzandi yoki ota-onasi hayotdan erta ko‘z yummoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatda virusli gepatit bilan kasallangan fuqarolarga davlat hisobidan bepul dori vositalari yetkazib berilishi va qon tahlillari arzonlashtirilgan holda amalga oshirilishi taklif qilinmoqda.

Top