14:24 / 13.04.2020
26197
Zaruriy holatlarda ko‘chaga chiqqanda ham shaxsni tasdiqlovchi hujjat fuqaroning yonida bo‘lishi shart – IIV

Agar fuqaro ko‘chaga chiqqanda yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, uni ichki ishlar organiga olib borib, shaxsini aniqlashtirish zarurati paydo bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun hayotiy zarurat bilan ko‘chaga chiqilganda fuqarolarning pasporti yonida bo‘lishi shart bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida karantin davrida ichki ishlar organlari xodimlari zaruriy holatlarda ko‘chaga chiqqan fuqarolardan ham shaxsini tasdiqlovchi hujjat so‘rashga haqli ekani haqida ma'lumot berdi.

«Ichki ishlar organlariga boshqa idoralar bilan hamkorlikda fuqarolarning karantin qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilish, tartib buzganlarga nisbatan keskin chora ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Ko‘chadagi fuqaroni ko‘rganda har bir ichki ishlar organi vakili yoki milliy gvardiya xodimi uni to‘xtatib ko‘chaga chiqish maqsadini so‘rashga haqli. Bunda fuqaro, albatta, shaxsiga aniqlik kiritishi zarur», deya ta'kidladi Shohrux G‘iyosov.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, agar fuqaroning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, uni ichki ishlar organiga olib borib, shaxsini aniqlashtirish zarurati paydo bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun hayotiy zarurat bilan ko‘chaga chiqilganda fuqarolarning pasporti yonida bo‘lishi shart.

IIV vakili qoidabuzarlar nega ichki ishlar organlariga olib ketilayotgani haqidagi savollarga ham aniqlik kiritdi.

«Qoidabuzarlar hamma yerda bor. Ko‘pgina davlatlarda: Turkiya, Ispaniya, Rossiya, Hindiston, Isroil, hatto, qo‘shni Qirg‘izistonda ham karantin davrida qoida buzganlarni sudsiz ham jazolashmoqda. Bizda unday emas.

Shuning uchun ichki ishlar organi xodimlarining qoidabuzarlar bilan olib borayotgan ishlarini to‘g‘ri tushuningizni so‘raymiz. Ular ko‘p sonli aholi manfaatlarini o‘ylab harakat qilmoqda», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, 6 apreldan e'tiboran «o‘zini yakkalash» hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top