12:05 / 14.04.2020
17329
Buxoroda yana 4 bemor sog‘aydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoro viloyatida koronavirusga chalinganlarning yana 4 nafari to‘liq tuzalgani to‘g‘risida ma'lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Yurtimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolash borasida minglab tibbiyot xodimlari matonat bilan mehnat qilishmoqda.

Jumladan, avval Buxoro viloyatidan 4 nafar koronavirusga chalingan bemor tuzalganini xabar qilgan edik. Bugun viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 4 nafar bemor fidoyi va jonkuyar shifokorlar sa'y-harakati tufayli butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi.

Sog‘ayganlardan (barchasi erkak) uch nafari (ikki nafari Toshkent shahridan, bir nafari Samarqand viloyatidan) charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan. Yana bir nafari esa qashqadaryolik bo‘lib, charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga kelgan. Barchasi karantinda bo‘lishgan va koronavirus infeksiyasi aniqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanishni boshlashgan. 

Bemorlarning tuzalishlarida, avvalo, ushbu shifoxona tibbiyot xodimlarning davolash muolajalarini xalqaro standartlar asosida, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganlari, shuningdek, pulmonologiya, kardiologiya, terapiya, endokrinologiya kabi ixtisoslashgan soha mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatgani qo‘l kelayotir. Ayni lahzada tuzalgan bemorlarimizning quvonchi cheksiz. Ularning tabassumi, minnatdorlik so‘zlari zahmatkash tibbiyot xodimlarining mehnatiga eng yuksak bahodir», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Ayni paytga qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 89 nafarga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top