16:10 / 14.04.2020
10329
Dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasining dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Foto: agronet.uz

Hujjat bilan, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ikki kun muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinishini ta'minlash belgilandi: 

  • qishloq xo‘jaligi ekin turlarini va yetishtiriladigan mahsulotlar prognoz ko‘rsatkichlarini mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida belgilash;
  • “Tomorqa xizmati” MChJlar tomonidan aholiga moddiy-texnik resurslar, birinchi navbatda, urug‘lik, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va mineral o‘g‘itlarni tizimli yetkazib berish;
  • suv ta'minoti og‘ir aholi punktlarida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga sug‘orish quduqlari qazib berish;
  • O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘linmalari mas'ul xodimlaridan iborat tarkibda tuman ishchi guruhlarini shakllantirish hamda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida bahorgi (ertaki) ekinlar ekishni tashkil etish;
  • mahalla fuqarolar yig‘inlari va keng jamoatchilik bilan birgalikda tomorqadan samarasiz foydalanayotgan tomorqa yer egalarini ogohlantirish, ogohlantirishdan keyin ham ekin ekmagan tomorqa yer egasiga yer solig‘ini oshirilgan stavkada qo‘llash.

Qarorda belgilanishicha, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Asaka, Angor, Jarqo‘rg‘on, Zangiota, Kitob, Namangan, Oltinko‘l, Oltiariq, Samarqand, Toyloq, Uychi, Quva va Yangiyo‘l tumanlarining tomorqa yer uchastkasidan bir yilda ikki-uch marotaba hosil yetishtirish va yuqori daromad olish tajribasini namuna sifatida respublikaning boshqa hududlariga joriy qilish choralarini ko‘radi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi 2020-2021 yillarda suv ta'minoti og‘ir, iste'molga yaroqli yer osti suv zaxiralari yetarli bo‘lgan aholi punktlari hududlaridagi tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish maqsadida sug‘orish quduqlarini qazishning manzilli dasturiga muvofiq sug‘orish quduqlarini burg‘ulash uchun quduqlarni qazish loyihalariga ekologik ekspertiza xulosalari bepul va o‘z vaqtida berilishini hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi gidrogeologik xulosalarning soddalashtirilgan tartib asosida bepul berilishini ta'minlaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar)lar hokimliklari:

  • dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarini meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalariga ixtiyoriy asosda biriktiradi;
  • meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari talabidan kelib chiqib, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari turlarining ekilishiga ko‘maklashadi.  

Meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari:

  • dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari bilan o‘zaro hamkorlik asosida mahsulot yetishtirish, yetishtirilgan mahsulotni saralash, qayta ishlash, saqlash, qadoqlash hamda eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzadi;
  • dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga urug‘lik, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar hamda boshqa moddiy-texnika resurslarini yetkazib beradi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari:

  • shartnoma asosida urug‘ va ko‘chatlarning to‘liq ekilishini, agrotexnik tadbirlarning ilmiy asoslangan agronomik tavsiyalar asosida o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlaydi;
  • tuzilgan shartnomalarga muvofiq yetishtirilgan mahsulotlarni belgilangan muddatlarda va sifatda yetkazib beradi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini tahlil qilib, bugungi kunda dolzarb bo‘lmagan loyihalarni qisqartirish hisobiga, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga qo‘shimcha 300 milliard so‘m ajratadi;
  • fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga, ”Tomorqa xizmati” MChJlar hamda qishloq xo‘jaligi kooperativlariga Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasida ajratiladigan kreditlar foiz stavkasining 50 foizi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomorqa yer uchastkalarida ekin ekish, suv ta'minotini yaxshilash va ”Tomorqa xizmati” MChJlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kooperativlar tashkil etish uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan tijorat banklari orqali 100 milliard so‘m kredit ajratadi. 

Top