09:24 / 14.04.2020
16267

DXM faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va ayrim xizmatlarni o‘z tashkilotlariga qaytarish taklif qilindi

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va ayrim xizmatlarni o‘z tashkilotlariga qaytarish taklif etilmoqda

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va ayrim xizmatlarni o‘z tashkilotlariga qaytarish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Davlat xizmatlari markazlarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va ayrim xizmatlarni soddalashtirish yoki vakolatli tashkilotlarga qaytarish kerak. 

“Davlat xizmatlari markazlarining ba'zi xizmat turlari, albatta, aholi uchun qulaydir, lekin ayrimlari xalq uchun ortiqcha xarajat va noqulayliklar tug‘dirib, ortiqcha vaqt sarflashga sabab bo‘lmoqda. 

Misol uchun, o‘z amaliyotimdan kelib chiqib aytsam: issiq suv hisoblagichini (schyotchik) tekshiruvdan o‘tkazishdagi noqulayliklarga duch keldim. Bu xizmat Davlat xizmatlari markazlariga o‘tgandan beri narxi ikki barobarga oshdi. Ariza berilgan kundan boshlab 15 kun ichida kelishi kerak bo‘lgan xodim, hozirda 30 kun ichida ham yetib kelmayapti. Bu esa hisoblagichning standart sertifikati muddati tugashiga, kechikkan muddatdan so‘ng biz kishi boshiga to‘lov to‘lashimizga, natijada, moddiy zarar ko‘rishimizga olib kelmoqda. 

Agar men o‘z hisoblagichimni o‘zim davlat standartida tekshiruvdan o‘tkazish bilan shug‘ullanganimda ikki barobar arzonga tushar edi va uzog‘i bilan 10 kun ichida bitar edi. Men nafaqat standartlashtirish xizmati, balki boshqa xizmatlarni ham xalq uchun qulayligini o‘rganishni va qayta ko‘rib chiqishni maslahat beraman! Chunki ba'zi xizmatlar yuzasidan fuqarolarda Davlat xizmatlari markazlariga ko‘plab noroziliklar mavjud”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va ayrim xizmatlarni o‘z tashkilotiga qaytarish taklif qilingan.

Mavzuga oid
Top