08:17 / 14.04.2020
8749
Eron karantin cheklovlarini soddalashtirmoqda, hukumat iqtisodiy inqirozdan xavotirda

Yaqin Sharqdagi koronavirus infeksiyasi yuqtirganlar eng ko‘p qayd etilgan davlat – Eron karantin cheklovlarini asta-sekin yumshatmoqchi.

Foto: Fatemeh Bahrami - Anadolu Agency

Eron koronaviurs bilan ikki oydan beri kurashmoqda. 13 aprel kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda kasallikka chalinganlar soni yana 1 617 taga ko‘payib, umumiy qayd etilganlar 73 mingdan oshganini e'lon qildi. Shuningdek, so‘nggi bir kunda 111 kishi kasallik qurboniga aylanib jami vafot etganlar soni 4,5 ming nafardan oshib ketdi.

«Al-Jaziyra»ning ma'lum qilishicha, hukumatni koronavirusning iqtisodiy ta'siri ham jiddiy tashvishga solmoqda.

Eron hukumati bu borada aholini himoya qilishga va'da bermoqda. Shu kunlarda mamlakatda virus tarqalishining oldini olish bilan bir qatorda iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar o‘rtasida muvozanatni saqlash muhimligi ta'kidlanyapti. Shu sababdan qator turdagi karantin cheklovlarini yumshatish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma'lum qilingan.

«Al-Jaziyra» nashri AQSh sanksiyalari ta'siri va pandemiya iqtisodiyotni barbod qilishidan Eron rahbariyati tashvishda ekanini yozgan.

Eron hukumati vakili Ali Robeiy dushanba kuni televideniye orqali chiqish qilib «cheklovlarni yumshatishdan maqsad – aholini koronavirus va uning iqtisodiy oqibatlaridan himoya qilish ekanligi»ni ma'lum qilgan: «Biz koronavirus va sanksiyalarga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak», degan Robeiy.

Hozircha shanba kuni Tehrondan tashqaridagi «xavf darajasi pastroq» korxonalarning qayta ochilishiga ruxsat berilgan bo‘lsa, bir hafta o‘tib mamlakat poytaxtida ham cheklovlar qisman olib tashlanishi e'lon qilindi. OAV hozirdan Eronda transport oqimi sezilarli ko‘payganini ma'lum qilgan.

Davlat telekanallari ko‘chalar, jamoat transportlari va ko‘plab korxonalar hamda do‘konlarning qayta ochilganini namoyish etgan. Teatrlar, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo markazlari va restoranlar esa hozircha ochilmagan.

Bir qator sog‘liqni saqlash mutasaddilari mazkur choralar Eronda kasallikning ikkinchi to‘lqinini keltirib chiqarib, mamlakatga qattiq zarba berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘z navbatida, mamlakat prezidenti ehtiyot choralarini mensimaslik oqibatlari haqida ogohlantirib, sog‘liqni saqlash bo‘yicha choralar ham qat'iy tartibda olib borilishi kerakligini aytgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top