21:05 / 14.04.2020
4323
Interpol tibbiy niqoblar savdosi bilan bog‘liq 2,4 mln yevrolik tovlamachilikni fosh etdi

Niderlandiya hukumati tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida 880 ming yevro Britaniya bankidagi Nigeriya bilan bog‘liq hisobraqamga o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi.

Interpol xodimlari Germaniya, Irlandiya va Niderlandiya hukumatlari bilan hamkorlikda tibbiy niqoblar savdosi bilan bog‘liq 2,4 mln yevrolik jinoiy sxemani fosh etdi. Bu haqda Interpol matbuot xizmati xabar berdi.

Interpol bergan ma'lumotga ko‘ra, Germaniya sog‘liqni saqlash organlari mart oyida o‘zida 10 mln dona tibbiy niqob mavjudligi to‘g‘risida ma'lum qilgan Ispaniyadagi kompaniya bilan elektron pochta orqali bog‘langan. Kompaniya niqob yetkazib berolmasligini ma'lu qilgan va Irlandiyadagi yetkazib beruvchi bilan bog‘lanishni maslahat bergan. 

Shundan so‘ng Irlandiyadagi yetkazib beruvchi bilan Niderlandiyadan 52ta yuk mashinasida 1,5 mln dona niqob yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Germaniya tomoni 1,5 mln yevroni avvaldan o‘tkazib bergan, ammo Irlandiyadagi kompaniya shartnoma bajarilishi uchun Niderlandiyadagi yetkazib beruvchiga ham 880 ming yevro o‘tkazilishi lozimligini bildirgan. Biroq aytilgan mablag‘lar o‘tkazilganidan keyin ham Germaniyaga niqoblar yetib kelmagan.

Niderlandiya hukumati tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida 880 ming yevro Britaniya bankidagi Nigeriya bilan bog‘liq hisobraqamga o‘tkazilgani ma'lum bo‘ldi. Aniqlanishicha, tovlamachilar o‘z maqsadlariga erishish uchun Niderlandiyadagi darhaqiqat mavjud bo‘lgan kompaniya saytining nusxasini yaratishgan.

Niderlandiyada ushbu ish doirasida ikki kishi gumondor sifatida qo‘lga olingan, ammo bu ish ishtirokchilari ko‘pchilik bo‘lishi mumkin. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top