09:12 / 14.04.2020
6944
Karantin vaqtida firibgarlar yolg‘on sms-xabarlari jo‘natib, elektron mablag‘larni o‘zlashtirishga urinmoqda - «O‘zkomnazorat»

Fuqarolarga sms-xabarlar, telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilganda elektron hisobdagi mablag‘lar yoxud turli maxfiy kodlar haqida begona shaxslarga ma'lumot bermaslik tavsiya etildi

Foto: Getty Images

Karantin davrida «o‘zini yakkalash» tartibiga o‘tgan fuqarolarning uyda o‘tirganidan, shuningdek, odamlarda koronavirus pandemiyasi sabab xavotir kuchli ekanidan foydalanib qolayotgan firibgarlar turli uslub, vosita hamda xabarnomalar orqali kishilarni chalg‘itib, ularning elektron hisobdagi mablag‘larini o‘zlashtirishga harakat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, muayyan sana yoki geojoylashuv nuqtasi koordinatlarini ko‘rsatib, «Siz karantin qoidasini buzdingiz, endi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga muvofiq BHMning besh baravarigacha miqdorda jarima to‘laysiz», degan mazmunda jarimani uydan to‘lash ham mumkinligini ta'kidlab, to‘lov uchun karta raqami ko‘rsatilgan sms-xabarnoma jo‘natish holatlari ham uchrab turibdi.

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi fuqarolarni bu kabi yolg‘on xabarlarga aldanmaslikka, sms-xabarlar, telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilganda hech qachon elektron hisobdagi mablag‘lar yoxud turli maxfiy kodlar haqida begona shaxslarga ma'lumot bermaslikka, bu kabi holatlar kuzatilganda sms-xabarnomani o‘chirib tashlash, telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lganligi haqida 102 raqami orqali huquq-tartibot idoralariga xabar berishni tavsiya etgan.

Top