17:07 / 14.04.2020
10888
Koronavirus sababli jahonda choy yetkazib berish xavf ostida qolganligi ma'lum qilindi

Koronavirus tarqalishi sababli Hindiston va Keniyada qabul qilingan cheklov choralari jahonda choy yetkazib berish hajmiga xavf solmoqda, deb yozadi Financial Times.

Foto: Financial Times

Hindistonda cheklov choralari 25 martdan 14 aprelgacha kiritilgandi, ammo seshanba kuni mamlakat bosh vaziri Narendra Modi cheklovlar 3 maygacha uzaytirilishini e'lon qildi.  

Qayd etilishicha, Assam va Darjiling hududlarida choy hosilini yig‘ib olish mavsumi boshlangan vaqtda iqtisodiy faoliyat to‘xtatilgan.  

"Biz ko‘p miqdordagi hosilni yo‘qotyapmiz. Aksariyat xo‘jaliklar jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda", dedi Tea Board of India tashkiloti rahbari Prabxat Bezboruax.

Warren Tea kompaniyasi prezidenti Vivek Goyenkaning so‘zlariga ko‘ra, darjiling choyining birinchi hosili yo‘qotilgan, tez vaqt ichida faoliyat boshlanmasa, ikkinchi hosildan ham ayrilish mumkin.

Afrikadagi choy ishlab chiqaruvchi davlatlar, xususan Keniyada pandemiya bois mahsulotni plantatsiyadan portlarga yetkazib berish izdan chiqqan, deb yozadi Minitec tahlilchisi Ibi Idoniboyye.  

Keniya hukumati o‘tgan haftada uch haftalik cheklov choralari joriy etilishini e'lon qildi.

Inqirozga qadar choy ishlab chiqarish sohasi taklifning ko‘pligi va narxlar tushishi muammolariga duch kelgandi. Mart oyida Keniya, Hindiston va Shri-Lankada eksport narxlari keyingi 11 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketdi. Choy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar pandemiya sababli daromadning kamayishi vaziyatni yanada yomonlashtirishidan xavfsiramoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top