20:02 / 14.04.2020
128488
Shavkat Mirziyoyev: «Karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab, albatta, ko‘rib chiqamiz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda prezident rahbarlarga murojaat qilib, jumladan, shunday dedi:

– Ta'kidlash kerakki, pandemiya va karantin bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yo‘q.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan biror-bir tizim to‘xtab qolmadi. Biz vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sog‘lig‘ini o‘ylab, ishimizni boshqa shaklda tashkil etyapmiz.

Aqliy mehnat, ta'lim-tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari masofadan turib, «onlayn» rejimda olib borilmoqda.

Shu bilan birga, rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik sub'yektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.

Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi.

Bizning oldimizda 34 millionlik aziz xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha yetishtirgan mahsulotlarimizni chetga eksport qilish vazifalari ham turibdi.

Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda o‘tirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sog‘lig‘ini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz.

Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz.

Ko‘pni ko‘rgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, yengib o‘tamiz.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g‘urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda «Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon», degan chuqur ma'noli so‘zlar bor.

Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulug‘ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu og‘ir sinovlarni ham, albatta, yengib o‘tamiz, – deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top