23:09 / 14.04.2020
67320
U qirolmi yoki prezident? Trampning pandemiya davridagi eng mojaroli matbuot anjumani haqida

AQShda koronavirus yuqtirganlar soni daqiqa sayin oshib bormoqda. Okeanortida kasallikka chalinish oqibatida vafot etganlar soni 25 mingdan oshib ketdi. Bunday murakkab davrda mamlakat prezidenti Donald Trampning o‘zini tutishi esa, ochig‘ini aytganda, amerikaliklarning g‘ashiga tegmoqda. Ayniqsa uning matbuot anjumanlaridagi chiqishlari...

Foto: AFP

Britaniyaning VVS nashri tahlilchisi Jon Spel Donald Tramp ishtirokidagi so‘nggi matbuot anjumani haqida mulohazalarini bildirdi. Quyida Jon Spelning shu boradagi maqolasi aynan keltiriladi.

1998 yil Bill Klintonning Monika Levinski bilan sevgi qissasi haqidagi mish-mishlar munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda qatnashganman. Tramp meni haqorat qilgan 2018 yilgi matbuot anjumanida ham tabiiyki bor edim.

Tramp AQSh razvedkasi ma'lumotlariga emas, Vladimir Putinning so‘zlariga ishongan Helsinkidagi uchrashuvda ham bo‘lganman. Tramp va Kim Chen Inning uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida qatnashish ham nasib qilgan. Xullas, ko‘plab katta uchrashuvlarda ishtirok etganman, ammo dushanba kuni kechasi Oq uydagi 2 soat-u 24 daqiqa davom etgan matbuot anjumani men qatnashgan eng hayratlanarlisi bo‘ldi...

Kechagi matbuot anjumanida men Donald Tramp bilan uch yil ishlagan jurnalist sifatida u haqida ma'lum xulosalar chiqardim.

Yarim million amerikalikka yuqib, 23 mingdan ortiq amerikalikning umriga zomin bo‘lgan koronavirus (13 aprel ma'lumoti, ayni vaqtda qurbonlar soni oshgan – tahr.) AQShda tobora keng tarqalayotgan bugungi kunda Donald Trampning mart oyida «Hammasi yaxshi bo‘ladi, AQShda infeksiya yuqtirganlar unchalik ko‘p emas, tez orada birorta kasallangan qolmaydi», degan gaplarini tez-tez eslayman.

Nyu-Yorkdagi moslashtirilgan o‘likxona / Getty Images

Kechagi matbuot anjumanida Tramp kasallanganlar, vafot etganlar yoki og‘ir ahvoldagilar haqida emas, faqat va faqat o‘zi haqida gapirardi! Tramp OAV uning koronavirusga qarshi siyosatini noto‘g‘ri yoritayotganidan nolishga ham ulgurdi.

U matbuot anjumanidan keyin bizga bir video ko‘rsatdi. Gaplarimga shubhalanayotgan bo‘lsangiz, o‘sha rolikni tomosha qiling. Matbuot anjumanini televizorda tomosha qilgan bo‘lsangiz, o‘sha rolik ham ko‘rsatilgan. Bu video Oq uy vakillari tomonidan ishlangan bo‘lsa-da, ko‘proq saylovoldi dasturlarda ishlatiladigan roliklarga o‘xshardi. Agar u film bo‘lganida, zo‘r nom topib qo‘ygandim: «Koronavirus: nega Donald Tramp yaxshi, gazetalar esa yomon».

O‘sha rolikda ko‘rsatilgan jurnalistlardan biri matbuot anjumani tugashi bilan uning gaplari kontekstdan yulib olinganini aytdi. Tramp video boshlanishida xafadek ko‘ringandi, ammo keyin zaharxanda bilan bizga qo‘lini bigiz qilib, mazax qilganday yoyilib kuldi. Bu bilan «Qandaysiz endi, omadsizlar», degandek bo‘ldi go‘yo.

Tramp berilgan har qanday tanqidiy savoldan keyin asabiylashardi. Masalan, u yanvarda Xitoydan kelayotgan barcha reyslarni to‘xtatgani ko‘plab amerikaliklarning hayotini saqlab qolganini aytganida SBC jurnalisti Poli Rid bu qanchalik qat'iy harakat bo‘lmasin, fevralda uning hech qanday samarasi ko‘rinmaganini aytdi. Tramp esa bu oddiy savolga qizishib, jurnalistni «feyk», uning telekanalini esa «sharmanda» deb atadi.

Unga jurnalistlar yoqmasligi aniq. Ammo prezident savollarga erinmay 1,5 soat javob berdi. Tramp bizni yoqtirmasa-da, jarayondan zavqlanayotgani ko‘rinardi.

Demak, matbuot anjumanlaridagi tajribamga qaytamiz. Bunday katta anjumanlarda bitta bo‘lsa ham savol berib qolish omadning o‘zginasi, men sizga aytsam. Odatda bunga ulgurmaysiz ham. Kechagi anjumanda esa men naq beshta savol berdim. Darvoqe, Tramp savollarimdan birini «juda yaxshi» deb atadi (qanchalik ajoyibman-a). Ha, Tramp muloqotni yaxshi ko‘radi.

U har bir javobga erinmay javob beradi / Getty Images

U men ko‘rgan siyosatchilar ichida muloqot uchun eng ochig‘i. Bunaqa inson kimga yoqmasligi mumkin? U anjuman butun mamlakatga va dunyoga translatsiya qilinayotganini bilib turib barcha savollarga erinmay javob berdi. Trampning hamma savolga hijjalab javob berishi har bir chiqishi qizg‘in olqishlanadigan ko‘p yillik musiqa guruhining yakuniy konsertiga o‘xshardi. Trampning o‘zini tutishidan shunday xulosa qilish mumkin: u o‘zini yaxshi ko‘rishlarini xohlaydi va uni qanday qilib yaxshi ko‘rmaslik mumkinligini tushunmaydi.

Prezidentning koronavirus mavzusidagi chiqishlariga qaytsak. Trampning bu galgi dushmani oldingilariga o‘xshamaydi, uning yuzi yo‘q, uni haqorat qilib bo‘lmaydi. Xuddi saylovdagi raqiblarini «yolg‘onchi Ted» (Ted Kruz), «uyquchi Jo» (Jo Bayden), «bolakay Rubio» (Marko Rubio) deb atagandek. Koronavirusni mazax qilishdan ma'ni yo‘q. U o‘zini qanday atashlariga tupurgan.

Tramp prezidentlikka kelguniga qadar hamma uning aytganini qiladigan oilaviy biznesni boshqargan. Kechagi matbuot anjumanida u AQShni ham shu tarzda boshqarmoqchi bo‘layotgandek ko‘rindi. Tramp mamlakatda tezroq ishlab chiqarish korxonalarini ochish haqida o‘ylayotganini aytdi. Buning imkoni bormikin? Axir bu gubernatorlarning vakolatiga kirmaydimi?

Ma'lumot uchun, AQShda federal konstitutsiya amalda. Ya'ni, hududlar biror masalada mustaqil qaror qabul qilishi mumkin.

Matbuot anjumanida esa Tramp hammasini o‘zi hal qilajagini ko‘rsatayotgandek bo‘ldi. Prezident oltita hududni ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha talabni joriy etishga ko‘ndira olmayotganini aytgandi. Oltita hududda bir tartibni o‘zgartira olmayotgan prezident qanday qilib karantinni bekor qilarkin?

Matbuot anjumanidan so‘ng Nyu-York meri Endryu Kuomo shunday dedi: «Konstitutsiyada bizda qirol yo‘q deyilgan. «Men butun mamlakat ustida hukmronlik qila olaman, chunki men prezidentman», deyish – haddan oshishdan boshqa narsa emas. Bu qirollarga xos odat. Bizda Jorj Vashington degan qirol bo‘lmagan, prezident Jorj Vashington bo‘lgan».

Ammo oilaviy biznesni boshqarib yurgan odam uchun hammasi boshqachaga o‘xshaydi.

Matbuot anjumanidan chiqib unda nimalar bo‘lganini yana bir bor o‘ylab oldim. Menimcha, Trampning OAVni yomon ko‘rishi saylovchilarga boshidan yoqqan.

Aytgancha, kecha Oq uyga kirishda hammaning tana harorati tekshirib ko‘rildi. Matbuot anjumani zaliga kirishdan avval yana tekshirishdi. Yaxshiyam qon bosimni o‘lchashmadi. Aminmanki, matbuot anjumani davomida ko‘pchilikning qon bosimi oshib ketgan...

Jon Sopel. VVS tahlilchisi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top