22:35 / 14.04.2020
5415
«Xavfsiz Yordam» loyihasi: Ijtimoiy himoyaga muhtoj ming nafar ayol uchun 1 million so‘mdan o‘tkazib berildi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan «Xavfsiz Yordam» loyihasi doirasida respublika bo‘ylab ijtimoiy himoyaga muhtoj, farzandlarini yolg‘iz tarbiya qilayotgan, ishsiz qolgan ming nafar ayolga mingta Uzcard kartochkalari tayyorlanib, ular uchun jami 1 mlrd so‘m o‘tkazib berildi. O‘n kun ichida kartalar o‘z egalariga yetkaziladi.

O‘zbekistondagi karantin kunlari iqtisodiyot uchun ham, aholi uchun ham jiddiy sinov bo‘ldi. Ayniqsa, moliyaviy zaxiraga ega bo‘lmagan va hatto yaxshi ishlab turgan iqtisodiyot davrida ham kambag‘allik yoqasida bo‘lganlar jiddiy jabr ko‘rmoqda.

Ko‘pchilik uchun bu favqulodda vaziyat insoniylik sinoviga aylandi. Toshkentda dastlabki kunlardanoq aholining zaif qatlamlarini: nogironlar, keksa yoshlilar va ko‘p bolali oilalarni, shuningdek kunlik daromadlarini yo‘qotganlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘ngillilar harakati yo‘lga qo‘yildi.

Yuzlab odamlar o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, o‘zi uchun zaxiralab qo‘ygan mahsulotlarini baham ko‘rishdi, garchi ular o‘zlari moliyaviy qiyin ahvolda bo‘lsada, yoki shunday holatga tushib qolish ehtimoli bo‘lishiga qaramay, bir-birlariga yordam berishmoqda. Tadbirkorlar ham minglab oilalarga yordam ko‘rsatishni tashkillashtirish orqali o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Xalqimizda juda ajoyib xususiyat bor − mehribonlik

«O‘zekspomarkaz»da Homiylik yordamini muvofiqlashtirish markazi tashkil etildi va faoliyat yuritmoqda, unda Yoshlar ittifoqining 150 nafar ko‘ngillilari hamda tibbiyot oliygohi talabalari ishlashmoqda. Shaharning barcha burchaklaridan xayriya oqimi shu markazga to‘planadi. Keyin xayriya mablag‘lari orqali sotib olingan yoki taqdim etilgan oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar tarqatilib, manzillarga yetkaziladi. 2 apreldan 13 aprelga qadar 27 mingdan ortiq oziq-ovqat paketlari manzillariga yetkazib berildi.

Shu o‘rinda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi yordamning tubdan yangi shaklini ishlab chiqdi va joriy etdi. Bu strategiya pandemiya davrida yordam olayotganlar bilan o‘zaro kontaktlarni qisqartirishga imkon beradi, chunki karantin qoidalariga rioya qilish va ijtimoiy masofa saqlash juda muhimdir.

Saida Mirziyoyeva:

«Bugungi tahlikali kunlarda o‘n minglab odam bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zmoqda, qalbining bir parchasini berib, bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Eng muhimi esa, odamlar nafaqat yordam berishmoqda, balki borini baham ko‘rishmoqda. Ulashish — bu muhtoj bo‘lgan kishiga yordam berish uchun o‘zining farovonligining bir qismini berishni anglatadi.

Mehribonlik va saxovat — xalqimizning ajoyib belgilaridir. Hozir qiyin ahvolda bo‘lganlarga yordam berayotgan barchadan juda minnatdormiz.

Pandemiya bizga uchrashishga, bir-birimiznikiga tashrif buyurishga, qarindoshlarimizni bag‘rimizga bosishga imkon bermaydigan o‘z qoidalarini o‘tkazmoqda.

Biz yordam kontaksiz, masofada va ayni paytda samarali bo‘lishi uchun nima qilish kerakligini o‘ylay boshladik. Shu tariqa «Xavfsiz Yordam» loyihasi paydo bo‘ldi».

Xayriya yordami uchun o‘ziga xos segmentni tanlashga qaror qilindi — bu karantin tufayli qiyin moliyaviy ahvolga tushib qolgan ayollar. Plastik kartani rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘lmagan, telefoni yoki interneti yo‘qlar. Bu ayollarni shaxsiy plastik kartochkalari bilan ta'minlash va ularga bir million so‘mdan pul o‘tkazib berish vazifasi qo‘yildi. Ushbu miqdor taxminan yetti xayriya paketining narxiga tengdir. Naqd pul yordami oila uchun eng zarur bo‘lgan narsani sotib olishga imkon beradi. Shaxsiy plastik kartalaridan esa butun respublika bo‘ylab cheklovlarsiz, foydalanish muddati tugaguncha va keyinchalik almashtirish orqali ham foydalanish mumkin.

Ijtimoiy va moliyaviy himoyaga muhtoj ayollarning shakllangan bazasi asosida manzilli ro‘yxat shakllantirildi. Uning loyihasini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasining Gender tengligi bo‘yicha komissiya, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasi, Homiylik ko‘magi faoliyatini muvofiqlashtirish markazi katta yordam ko‘rsatdi. Chunki aynan ular favqulodda yordamga muhtoj bo‘lganlar haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq ma'lumotlarni bilishadi.

Umumiy hisobda 1000 kishi tanlab olindi: Toshkentdan 350 nafar ayol va har bir viloyatdan 50 kishidan. Ushbu ro‘yxatdan 25 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, ammo bolalari bo‘lgan, shuningdek yaqinda qamoqdan ozod qilinganlar kiradi. Bu o‘ziga xos guruh, ular hech qayerda ishlashmaydi, chunki rasmiy ravishda ishga kirish uchun imkonlari yoki vaqtlari bo‘lmagan.

Ushbu loyihada bevosita ishtirok etgan podpolkovnik Nafisa Rahimqulovna Dusmuxamedovaning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha ularning qaramog‘ida bo‘lgan fuqarolar bilan yaxshi aloqalarni o‘rnatib olish uchun imkoniyat yaratdi.

Barcha muhtojlarning pasport nusxalarini to‘plash imkoni bo‘lmaganligi sababli, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bankka kartochkalarni dastlabki rasmiylashtirish uchun №1 forma shaklida taqdim etdi, bu hujjat pasport berish uchun asos bo‘lib, barcha zarur ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi. Boshqarma va «Kapitalbank» ichki protokollarni buzmasdan maxfiylik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

«Xavfsiz yordam» xayriya loyihasi doirasida Uzcard YaUPM tayyor plastik kartochkalarni taqdim etdi. Kartalar Fond dizaynerlari tomonidan bezalgach, muhtojlar nomiga rasmiylashtirildi.

Darhol har bir kartaga mablag‘ o‘tkazildi va bank mutaxassislari profilaktika inspektorlari bilan birgalikda ularni darhol Toshkent shahridagi manzillarga tarqatildi. Bank barcha shartnomalarni imzoladi va shundan so‘ng pasport skanerlarini oldi. Viloyatlardagi yordamga muhtoj ayollarga kartalarni tezda topshirishda Ichki ishlar vazirligi yordam ko‘rsatdi.

Komil Allamjonov:

«Qiyin davrda har qanday yordam bebahodir. Ammo aynan ushbu xayriya shakli universal, samarali va barcha uchun ancha xavfsizdir. Umid qilamizki, boshqa tashkilotlar bizning namunamizga ergashadi va maqsadli yordam uchun ularning ro‘yxatini tuzadi. Biz, o‘z navbatida, ishlab chiqilgan strategiyani baham ko‘rishga tayyormiz».

«Kapitalbank» tomonidan taqdim etilgan kartalar bo‘yicha navbatdagi xayriya transhi 20 kun ichida amalga oshirish rejalashtirilgan. Profilaktika inspektorlari pul tushgani to‘g‘risida o‘z hududlaridagi muhtojlarga vaqtida xabardor qiladilar.

«Bitta tashkilot, hatto homiylarni muvofiqlashtirish markazi ham barchani qutqara olmaydi. Shu sababli, xayriya yordamini ko‘rsatishga tayyor bo‘lganlar doirasini va muhtojlarga manzilli yordam ko‘rsatish usullarini kengaytirish kerak. Ha, ming nafar ayol — bu ko‘p emas, lekin bu e'tibor tufayli butun boshli ming kishi yaxshilikka ishonadi va taslim bo‘lmaydi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi boshqa tashkilotlarni ham shu yo‘ldan borishga chaqirmoqda. Bunday holda, yordam faqat bir nechta tugmachani bosish orqali ko‘rsatilishi mumkin. Hozirgi sharoitda esa tezkorlik va xavfsizlik asosiy masalaga aylanmoqda», Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi matbuot xizmati xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top